Italyancha va fransuzchadan tarjima qilinganda “portga kirish yoki u orqali o‘tish uchun ruxsatnoma” ma’nosini anglatuvchi pasport ayrim davlatlarda fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
O‘zbekiston tarixida ilk pasportdan (yoki shu vazifani bajargan hujjatdan) qaysi davrdan boshlab foydalanilgani haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Biroq o‘rta asr manbalarida haj safariga otlangan yoki uzoq o‘lkalarga sayohat, savdo-sotiq maqsadida yo‘l olganlar o‘zlarining shaxslarini tasdiqlovchi hujjat bilan yo‘lga chiqqanlari haqidagi ma’lumotlar mavjud. Quyidagi maqolada O‘zbekistonda pasport va pasport tizimi (aholini hisobga olish va uning ko‘chib yurishini tartibga solish qoidalari majmui) tarixi bilan bog‘liq ayrim qiziqarli ma’lumotlar haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Tadqiqotchilarning qayd etishlaricha, Buxoro amirligida o‘ziga xos pasport tizimi mavjud bo‘lgan. Hatto amirlik chegaralarini qo‘riklaydigan chegarachilarning qayd daftarida amirlik hududiga kirayotgan yoki chiqayotgan har bir shaxs haqidagi batafsil ma’lumot yozib borilgan. Mazkur qaydlarda sana, ism-sharifi, bo‘yi, ko‘zi, qoshi, soqoli, mo‘ylovi, og‘zi, burni, yuzi, kasb-hunari, qaysi viloyat, tuman, mavze va guzardan ekanligi, xat va savodi, maxsus belgisi, nima maqsadda amirlikdan chiqib ketayotgani hamda kimning kafilligida ketayotgani yozilgan. Tarixchi Lobar Asrorovaning yozishicha, amirlikdagi bu tizim hozirda mavjud bo‘lgan pasport tizimiga o‘xshab ketadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘rta Osiyoga soxta pasportlar bilan josuslarni yuborish holatlari ham bo‘lgan. Masalan, 1834 yilda Buxoroga yuborilgan missiyaga turkiy tillarni va bu xalqlar tarixini yaxshi bilgan Qozon universitetining Sharqshunoslik fakulteti sobiq talabasi Pyotr Demizon rahbarlik qilib, unga tatar mullasi Mirza Ja’far nomi bilan soxta pasport va diplomatligini tasdiqlovchi hujjat berilgan. U ushbu soxta pasport bilan Buxoroda ancha vaqt yurgan.
Amirlikda pasport berish masalasida ham muammolar ko‘p bo‘lgan. Masalan, tarixchi Fayzulla Ochildiyevning qayd etishicha, yangi Termiz shahridagi pasport bo‘limida fuqarolarga pasport berishda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Afg‘on va fors fuqarolariga vaqtinchalik guvohnomalar berishda pasport nizomining 7-moddasiga amal qilinmay, ularga shunday guvohnomalar berilgan. Shaxsini aniqlashtiruvchi hujjati yetarli bo‘lmaganlarga ham yashash uchun ruxsatnomalar berilgan. Pasport nizomining 29-moddasida ko‘rsatilganidek, chet el fuqarolariga, shaxsini tasdiqlamaydiganlarga tegishli guvohnomalar berishga yangi Termiz politsiyasining hech qanday huquqi bo‘lmagan. Lekin yangi Termiz politsiyasi chet el fuqarolariga vaqtinchalik guvohnomalar berishni ko‘paytirgan.
Bosh shtab kapitani Girshfeldning “Xiva vohasining harbiy statistik bayoni” asarida qayd etilishicha, Xiva xonligida XIX asrning oxirlarida pasport uchun 1 tillo miqdorida davlat boji olingan. Xonlikda 1917 yildan faoliyat boshlagan Rossiya imperiyasining harbiy komissari Rossiya imperiyasi hududiga va horijiy mamlakatlarga chiqadigan xiva fukarolariga pasportlar berish bilan ham shug‘ullangan.
Tarixchi Nelya Potapovaning yozishicha, 1867 yilda Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman siyosiy va tijoriy maqsadlar bilan O‘rta Osiyoga kelayotgan Rossiya fuqarolari uchun chet el pasportlari (biror mamlakatdan boshqa mamlakatga borish uchun beriladigan maxsus pasport)ni joriy etish fikrini bildirgan. 1870 yilda Turkiston o‘lkasidagi xorijda savdo qilish uchun jo‘nab ketayotgan rus fuqarolari, haj ziyoratiga otlangan rus musulmon fuqarolari va qo‘shni xonliklar fuqarolariga chet elga chiqish pasportlarini berish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Rossiya imperiyasi nazdida pasportlar ularning egalari Rossiya qonunlari himoyasidaligi va unga sodiq ekanligidan guvohlik berishi lozim edi. 1886 yildan Turkiston general-gubernatorligining markazi bo‘lgan Toshkentda Aksiz boshqarmasi faoliyat boshladi. U pasport yig‘imlari masalalari bilan ham shug‘ullangan.
1917 yildan keyin pasport tizimi yanada keskinlashdi. Adabiyotshunos olim, akademik Naim Karimovning ma’lumot berishicha, 22 yoshli Hamid Olimjon 1931 yilda O‘zbekiston davlat pedagogika akademiyasi (hozirgi Samarqand davlat universiteti)ni bitirishi arafasida pasport olish uchun ariza beradi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha yillarda pasport balog‘at yoshiga to‘lgan kishilarga oson-garov berilmagan. Buning uchun balog‘atga yetgan kimsaning yashash joyidan, uning kelib chiqishini tushuntiruvchi, g‘oyaviy sog‘lom oiladan ekanligiga kafolat beruvchi guvohnoma ham talab etilgan.
Tarixchi Avaz Yermetovning qayd etishicha, 1932 yil 27 dekabrda sovet hukumati tomonidan fuqarolarni ro‘yxatga olish, ro‘yxatdan chiqarish va pasport tizimini joriy etish bo‘yicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. 1933 yilda sobiq ittifoqda aholini pasportlashtirish bilan bog‘liq jarayon avj oldi. Qishloq aholisining ko‘pchiligiga dastlabki vaqtlarda pasport berilmadi. Qishloq joylarda pasport joriy etilmasligi 70-yillarga qadar davom etib keldi. Vatandoshlarimizning “quloq”likdan ozod bo‘lib, fuqarolik maqomiga va pasportiga ega bo‘lib surgundan yurtga qaytish jarayoni ham juda og‘ir hamda uzoq kechgan.
Sobiq ittifoq Ichki ishlar xalq komissarligi 1938 yil 23 fevralda qatag‘on qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarni aniqlash uchun pasportlarda foto nakleykadan foydalanish to‘g‘risida Direktiva chiqardi. Pasportlardagi fotokartochkalar 1937 yil 23 oktyabrdan joriy qilingan edi. Shuni alohida qayd etish joizki, sovet tuzumi davrida ba’zi ism-shariflar rus orfografiyasi ta’sirida yoki boshqa sabablar bilan hujjatlarda, xususan, pasportlarda o‘zbek tili imlosiga zid tarzda yozildi. Bu xatoliklar hozirda ham ayrim muammolarga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, sovet davrida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining birinchi haj safariga borishi uchun atigi 6 nafar kishiga ruxsat etilgan edi. Ularning har biriga 1944 yilda markazdan xorijga chiqish pasportlari yuborilgan. Hajga boruvchilarni tanlashga alohida e’tibor berilgan. Masalan, 1958 yili O‘zbekiston bo‘yicha hajga borishni so‘ragan 173 nafar nomzoddan 11 nafariga hajga borishga ruxsat va xorijga chiqish pasporti berilgan. Taqqoslash uchun, “Tarjimon” gazetasida qayd etilishicha, 1901 yil Turkiston general-gubernatorligining Sirdaryo viloyatidan 132, Farg‘ona viloyatidan 2768, Samarqanddan 90, Zakaspiydan 17, jami 3511 kishiga hajga borish uchun pasport berilgan edi.
Alisher EGAMBERDIEV