O‘zbekiston Respublikasida parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha nazoratni tashkil etish ustidan navbatdagi audit tekshiruvini o‘tkazish maqsadida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) auditorlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Rejaga asosan, IKAO auditorlar guruhi joriy yilning 17-29 may kunlari “O‘zaviatsiya” agentligida tekshiruv olib borishi, shuningdek, “Uzbekistan Airways" AJ va uning bo‘linmalariga, ”O‘zaeronavigatsiya“ markazi DUKga, ”Panorama Airways“ va ”Humo Air” aviakompaniyalariga, O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markaziga tashrifi rejalashtirilgan.
IKAO auditorlari O‘zbekistonda parvozlar xavfsizligini ta’minlash tizimi ishlashini baholash maqsadida kompleks tekshiruv o‘tkazadi. Xususan, tashrif doirasida aviakompaniyalarda, shuningdek, Toshkent va Samarqand aeroportlarida IKAO standartlari talablarining amaliy bajarilishini tekshiradi.
Shuni ta’kidlash joizki, ushbu audit fuqaro aviatsiyasi sohasida parvozlar xavfsizligini ta’minlash tizimini baholashning eng muhim ob’ektiv vositalaridan biri hisoblanadi.
IKAO auditidan muvaffaqiyatli va yuqori darajada o‘tish O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lib, milliy aviakompaniyalarimizning jahon bozorida faoliyat yuritishini davom ettirish uchun yo‘l ochib beradi va davlat imijini ko‘taradi.
Joriy yilning 28 may kuni IKAO auditorlari guruhi tomonidan tekshiruv natijalari bo‘yicha dastlabki hisobot taqdim etiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA