Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda o‘yin sanoatini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi
10:05 / 2024-03-30

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT-Park O‘zbekiston bosh direktori Farhod Ibragimov “Lesta Games” kompaniyalar guruhi rahbari Malik Xatajayev bilan O‘zbekistonda o‘yin sanoatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

“Lesta Games” — video o‘yinlarni ishlab chiqish va nashr etishga ixtisoslashgan xalqaro kompaniyalar guruhi.

Uchrashuvda O‘zbekistondagi o‘yin sohasini rivojlantirish borasida erishilgan salmoqli yutuqlar qayd etildi. 2023-yil yakuniga ko‘ra IT-Park rezidentlari 49 million dollarlik o‘yin mahsulotlarini eksport qilishdi, bu esa 2022 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 3,7 barobar ko‘pdir.  

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari IT va autsorsing kompaniyalari uchun yaratilgan imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash dasturlarini muhokama qildilar.  

Mamlakatning kadrlar salohiyati va O‘zbekistonni IT  sohasida global biznesni rivojlantirish uchun jozibador davlatga aylantiradigan boshqa afzalliklarni e’tirof etishdi.

“Lesta Games” kompaniyasi vakillari, o‘z navbatida, O‘zbekistonga xorijiy korxonalarni jalb qilish, mutaxassislar malakasini oshirish va  IT -xizmatlar eksportini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z taklif va qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

Mazkur uchrashuv O‘zbekiston o‘yin sanoatining rivojlanishidagi muhim bosqich bo‘lib xizmat qildi.  

“Lesta Games” va ushbu sohadagi boshqa jahon yetakchilari bilan qilinadigan hamkorlik iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiribgina qolmay, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va mamlakatning o‘yin sohasidagi obro‘sini jahon sahnasida mustahkamlashga yordam beradi.

N.Rahmonova, O‘zA