Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda o‘tkaziladigan shaxmat turnirlari ko‘payadi
13:55 / 2023-02-02

So‘nggi yillarda mamlakatimizda shaxmat jadal rivojlanib, o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro miqyosda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

2022 yil 28 iyuldan 10 avgustga qadar Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-jahon shaxmat olimpiadasida mamlakatimiz jamoasi g‘olib chiqdi. Yaqinda Niderlandiyada bo‘lib o‘tgan “Tata Steel Chess-2023” super turnirida hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov “ustalar” guruhida 2-o‘rinni, Javohir Sindorov esa “chellenjers” guruhida 3-o‘rinni egalladi.  

Umuman, barcha grossmeysterlarimiz nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtiroki bilan O‘zbekiston shaxmati salohiyatini dunyoga tanitmoqda.  

Quvonarlisi, salmoqli g‘alabalarimiz tufayli xorijliklarning Vatanimizga qiziqishi tobora ortmoqda.

Prezidentning 2022 yil 5 avgustdagi “Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yil mamlakatimizda shaxmat bo‘yicha “Rokirovka”, “Nuroniylar”, “Cheksiz imkon”, “Uzbekistan chess open”, 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan “Women’s Chess Championship” mahalliy va xalqaro turnirlar o‘tkazilishi belgilangan. Mazkur musobaqalar 2023 yildan boshlab an’anaviy tarzda respublikaning turli hududlarida erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida navbatma-navbat tashkil etiladi.

Ahamiyatli jihati, ushbu tadbirlar sport turizmini rivojlantirish, sayyohlar vaqtini mazmunli o‘tkazishlariga imkon yaratish, hududlarimiz turizm imkoniyatini yanada keng targ‘ib qilish va milliy sport o‘yinlarini ommalashtirishga xizmat qiladi.

Shaxmat musobaqalari jadvali, o‘tkazilish joyi va boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar rasmiy manbalar, mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilib boriladi.

O‘zA