Maktablar faqatgina bilim dargohi bo‘libgina qolmay, talaygina o‘spirinlar ko‘p vaqtini o‘tkazadigan joydir.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘smirlarning ruhiy salomatligi bo‘yicha xalqaro tadqiqot o‘tkazildi. Unda o‘rtacha va o‘ta og‘ir xavotirda bo‘lgan va depressiyaga duch kelgan o‘quvchilar hisobi olindi.
YUNISEF hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazgan tadqiqotda mamlakatimizning 14 ta hududidagi 299 ta maktabning 22 ming 854 nafar o‘quvchisi ishtirok etdi. Tadqiqot o‘spirinlarning ehtiyojlarini, ruhiy salomatligi va ruhiy-ijtimoiy farovonligiga ta’sir qiluvchi maktab bilan bog‘liq omillarni yaxshiroq tushunishga qaratildi.
Tadqiqot o‘smirlarning ruhiy salomatligiga ta’sir qiluvchi asosiy himoya va xavf omillarini aniqladi. O‘quvchilar va ota-onalar – stigma va xijolat bo‘lish, maktab psixologi va ruhiy salomatlik borasida boshqa jamoat resurslari haqida ma’lumotga ega emasligini ko‘rsatib o‘tdi.
– O‘smirlik juda katta imkoniyatlarni taqdim etadi va shu bilan birga, ruhiy salomatlik va farovonlikka tahdid soluvchi omillar sababli alohida e’tiborni talab qiladi, –dedi YUNICEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – Bu o‘smirlarning o‘rganish, qarorlar qabul qilish hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishlariga ta’sir qiladi. YUNICEF va hamkorlar profilaktika hamda erta aralashuv sa’y-harakatlarini kuchaytirishga alohida e’tibor bermoqda.
Tadqiqot bo‘yicha hisobotda maktablarda ruhiy salomatlik bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar, boshqa sektorlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha tavsiyalar keltirilgan. Jumladan, maqsad o‘smirlar va ota-onalar uchun ogoh bo‘lishga undaydigan holatlar, xavf va himoya omillari to‘g‘risida bilimlarni oshirish uchun maktablarda ruhiy salomatlik to‘g‘risida xabardorlikni, maktab psixologlarining salohiyatni oshirish va maslahat berish usullarini yangilash bo‘yicha ularning malakasini kengaytirish, ruhiy salomatlik uchun dalillarga asoslangan maqsadli xizmat ko‘rsatish dasturlariga investitsiyalar ajratish, maktablar bilan mahallalarning hamkorligini kengaytirishga qaratilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA