Milliy statistika qo‘mitasi bergan xabarga ko‘ra, joriy 2025 yilning olti oyida mamlakatimizda o‘rtacha ish haqi 5 mln. 982 ming so‘mni tashkil qilmoqda.
Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizdan ko‘proqqa oshgan, degani.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p maosh oladiganlar mamlakat poytaxti Toshkent shahrida – 10 mln. dan ortiq.
Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati. U yerda bu raqam 7,48 mln.ni tashkil qiladi.
Uchinchi o‘rinni esa 5,67 mln. so‘m bilan Toshkent viloyati egallab turibdi.
Eng past ko‘rsatkich Qashqadaryoda – 4,1 mln. so‘m atrofida.
Kim, qaysi soha vakillari ko‘proq maosh olayapti, degan savollarga ham qo‘mita javob bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, moliyachilar va sug‘urta tizimida ishlaydiganlar o‘rtacha 16 mln. so‘mdan ortiq maosh oladi.
Axborot va aloqa sohasi xodimlarining maoshi 14 mln.dan yuqori.
Eng katta maosh esa kutilganidek, dasturchilarda – ularning oylik maoshi 19 mln.dan yuqori.
Sog‘liqni saqlash sohasida ishlaydiganlar o‘rtacha 3,6 mln. so‘m, oliy o‘quv yurtlarida ishlovchilar 9,5 mln. so‘m atrofida maosh olishadi. Bog‘chalarda bu raqam bor-yo‘g‘i 2,2 millionni tashkil etadi. San’at, ko‘ngil ochish va dam olish yo‘nalishlarida o‘rtacha oylik ish haqi 5,03 mln so‘m.
A.Narzulloyev, O‘zA