O‘zbekiston hukumati jahondagi ekologik muammolarning ko‘lamini to‘liq anglagan holda tabiiy resurslarga zarar yetkazmasdan qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Shu munosabat bilan organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va barqaror ishlab chiqarish tizimlarini rag‘batlantirish mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Qolaversa, eksport salohiyatini yuksaltirishga yordam bermoqda.
Organik qishloq xo‘jaligi – bu sintetik o‘g‘itlar, pestitsidlar, o‘simliklarni o‘stirish regulyatorlari, ozuqa qo‘shimchalaridan foydalanishni ongli ravishda minimallashtirgan holda qishloq xo‘jaligini yuritish usulidir.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida fermerlar, eksportchilar va qishloq xo‘jaligi sohasining boshqa vakillari uchun organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha treninglar o‘tkazdi.
Ta’kidlash kerak, mashg‘ulotlar xalqaro ekspertlar tomonidan olib borildi, ular bu boradagi ilg‘or xorijiy tajriba bilan o‘rtoqlashdi. Mazkur tur FAO va Qishloq xo‘jaligi vazirligining “O‘zbekistonda organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning huquqiy asoslari va institutsional salohiyatini takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

– O‘zbekistonda organik qishloq xo‘jaligini joriy etish va rivojlantirish tuproqlar, ekotizimlar va odamlar salomatligini ta’minlashga yordam beradi, – deydi loyiha koordinatori Furqat Ibragimov. – Sintetik o‘g‘itlar va pestitsidlar, genetik o‘zgartirilgan urug‘lik va qoramol zotlari, konservantlarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini hisobga olgan holda, bu usullar organik qishloq xo‘jaligida tuproq unumdorligini saqlab qolish va oshirish, zararkunanda va kasalliklar ko‘payishini oldini oluvchi maxsus amaliyotlar bilan almashtiriladi.
FAO mazkur loyiha orqali 2020-2030 yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasining ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor beradi. Shu bilan birga, ushbu loyiha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga, ya’ni, qashshoqlik va to‘yib ovqatlanmaslikni bartaraf etish, mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish, sog‘lom turmush tarzi va yer usti ekotizimlarini saqlab qolishga xizmat qiladi.
O‘zA