Bugun dunyoda onkologik va yurak-qon tomir kasalliklarini barvaqt aniqlash darajasi ikki-uch barobar oshgan davlatlar bor.
Har qanday sohada xalqaro tajribani o‘rganish, imkoni bo‘lsa, zarurlarini hayotga tatbiq qilish hech qachon zarar qilmagan. Jahondagi yadro tibbiyoti markazlari faoliyat yuritayotgan davlatlarda ana shunday natijalarga erishilmoqda.
Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreyada yadro tibbiyoti orqali bemorlarda saraton kasalliklarini ilk bosqichda aniqlash natijasida shifo topish ko‘rsatkichi 80-90 foizga yetgan. Bu inson hayotini saqlab qolishdagi ulkan yutuqdir.

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida O‘zbekiston Respublikasi Yadro tibbiyoti markazining barpo etilishiga kirishilgani esa sohada katta yangilik bo‘ldi.
Bu mamlakatimiz tibbiyoti tarixidagi yangi muhim bosqichdir. Joriy yil 9 oktyabr kuni loyihaga ramziy tamal toshining qo‘yilishi nafaqat yangi binoga, balki inson hayotini saqlab qolish, sog‘lom avlodni tarbiyalash va milliy tibbiyotni ilmiy jihatdan yuksaltirishga qaratilgan ezgu ishlardan bo‘ldi.

Yaqinda loyihani boshlashga bag‘ishlangan tadbir doirasida sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov hamda S.Berezin nomidagi tibbiyot instituti boshqaruv raisi Arkadiy Stolpnerlarning fikrlarini eshitdik. Yadro tibbiyoti fan va texnologiyaning eng ilg‘or yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan soha, deya ta’kidlaydi ular. Unda inson tanasidagi jarayonlarni atom darajasida ko‘rish, saraton va boshqa og‘ir kasalliklarni ilk bosqichda aniqlash va samarali davolash imkoni bor.
Bu tibbiyot turi an’anaviy usullardan farqli ravishda organizmdagi o‘zgarishlarni hali klinik belgilari namoyon bo‘lmasidan avval aniqlay oladi. Ya’ni yadro tibbiyoti kasallikni davolashdan ham muhimroq vazifani, ya’ni uning oldini olishni ta’minlaydi.
Toshkentdagi Yadro tibbiyoti markazi faqatgina klinika emas, balki ilmiy izlanishlar va innovatsion amaliyotlar markaziga aylanadi. Bu yerda yadro diagnostikasi, radionuklid terapiyasi, proton terapiyasi kabi zamonaviy yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yiladi. Birinchi bosqichda pozitron-emission tomografiya (PET/KT), siklotron majmuasi va radiofarmpreparatlar laboratoriyasi tashkil etiladi. Keyinchalik radionuklid terapiyasi, izotop tadqiqotlari, radiojarrohlik kabi yuqori texnologiyali xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Bu imkoniyatlar mamlakatda ilgari faqat xorijda amalga oshiriladigan tibbiy xizmatlarni endilikda mahalliy darajada taqdim etishga zamin yaratadi. Chet elga borib, qimmat narxga davolanish jarayonlariga ehtiyojni sezilarli kamaytiradi. Minglab bemorlarning xorijlik mutaxassislariga murojaat etishi masalasiga yechim bo‘ladi. Bu nafaqat vaqt va mablag‘ni tejaydi, balki inson umrini uzaytirishga xizmat qiladi. Chunki saraton kabi og‘ir kasalliklarda har bir kun, hatto soniya ham ahamiyatga ega.
Yadro tibbiyoti markazi faoliyat boshlashi bilan yiliga kamida 8 ming nafar bemorda kasallikni ilk bosqichdayoq aniqlash quvvati yaratiladi. Bu esa to‘liq shifo topish ehtimolini bir necha barobar oshiradi. Shu bilan birga, loyiha orqali mamlakatimizda tibbiy turizm rivojlanadi.
Shuningdek, yuzdan ortiq yuqori texnologiyali ish o‘rinlari yaratiladi. Markaz faqat davolash emas, balki ilm, tajriba va insonparvarlik maktabiga aylanadi. Ya’ni, bu yerda yadro tibbiyoti sohasida mahalliy kadrlar tayyorlanadi. Ilmiy izlanishlar olib boriladi.
Yadro tibbiyoti markazi faoliyati orqali mamlakatimizda onkologiya, radiologiya, biotexnologiya va farmatsevtika sohalaridagi infratuzilma sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi.
Ikrom AVVALBOEV,
Asliddin ALI(surat),
O‘zA muxbirlari