Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi rekord darajaga yetdi
16:14 / 2026-01-14

Markaziy bankning ma’lum qilishicha, 2026 yil 14 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasi narxi 1 million 852 ming so‘mga yetdi. E’tiborli jihati shundaki, oltin quymalari narxi ketma-ket uchinchi kun rekord ko‘rsatkichni yangilamoqda.

So‘nggi uch kun ichida oltin quymalari narxi 2,8 foizga, o‘tgan yilning shu kuniga nisbatan esa 62 foizga oshgan. Bu esa oltinni nafaqat an’anaviy qimmatbaho metall, balki inflyatsiya va moliyaviy beqarorlik sharoitida ishonchli aktiv sifatida yanada ommalashtirayotganini ko‘rsatmoqda.

Qayd etilishicha, oltin quymalarini bankka qayta sotish uchun qadoq butun holda saqlangan bo‘lishi shart. Bunda bankning qayta sotib olish narxi sotish narxidan 3,9 foizga past bo‘ladi.

Faqat ichki bozor emas, jahon bozorida ham oltin narxi tarixiy rekord o‘rnatdi — 1 troy unsiya oltin ilk bor 4 600 dollardan oshdi. Ma’lumot uchun, 2025 yil davomida oltin narxi 60 foizdan ortiq o‘sgan.

Ushbu o‘sish hisobiga O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 65 milliard dollardan oshdi, bu mamlakat moliyaviy barqarorligi uchun muhim ko‘rsatkich sifatida baholanmoqda.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA