Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan tizimli ijodiy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Mazkur farmon ijrosini bajarish yo‘lida 2020 yil 6 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oltin davr” xalqaro musiqa yarmarkasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu dunyo musiqa san’ati sohasida erishilayotgan yutuqlar, yangi ijod namunalari, musiqa cholg‘ularini mutaxassislar, san’atkorlar va keng jamoatchilik e’tiboriga havola etish yo‘lidagi muhim qadamlardan bo‘ldi.
Qarorda ko‘zda tutilganidek, 2021 yildan boshlab respublikada tashkil etiladigan xalqaro musiqa anjumanlari va festivallari doirasida "Ozod davr" xalqaro musiqa yarmarkasi o‘tkaziladi. Ya’ni ushbu yarmarka 2021 yildan boshlab mamlakatimizda o‘tkazib kelinayotgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali, Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali hamda kelgusida tashkil etiladigan boshqa musiqiy anjumanlari va festivallari doirasida o‘tkaziladi.
Xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan musiqa anjumanlari va festivallari doirasida tashkil etiladigan musiqa yarmarkasi nafaqat ijodkorlarni, balki chet davlatlarda sozgarlik bilan shug‘ullanadigan hunarmandlar, yirik korxonalar vakillarining mamlakatimizda jam bo‘lishi va o‘zlarining cholg‘ularini namoyish etishlariga katta imkoniyat yaratadi. Bunday yarmarkalarning muntazam o‘tkazilishi madaniyat va san’atning rivojlanishi va targ‘ib etilishi bilan bir qatorda turizm, musiqa cholg‘ulari savdo-sotig‘ini rivojlantirish, yangi xalqaro hamkorlik shartnomalarini tuzishni ta’minlaydi.
Yarmarkani tashkil etishda zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish tadbirga o‘ziga xos yangi qirralarni baxsh etadi.
“Oltin davr” xalqaro musiqa yarmarkasining yurtimizda o‘tkazilishi O‘zbekiston va jahon san’atida musiqa cholg‘ularining o‘rni nechog‘lik muhim ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Milliy cholg‘ularni dunyoga keng tanitish va chet davlatlarda O‘zbekiston sozgarlari tomonidan ishlab chiqilgan asboblarning yanada yanada keng tarqalishiga xizmat qiladi. Milliy madaniyatimiz va san’atimizni targ‘ib qilishda mana shunday yarmarkalar va festivallarning muntazam o‘tkazilib turilishi bugungi global rivojlanish davrida yoshlarning milliy san’atimiz va madaniyatimizga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga, bu boradagi yutuqlar targ‘ibotini orttirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Rustam ABDULLAEV,
O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari
uyushmasi raisi.