Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda olti oy davomida 712 mingta avtotransport vositalari oldi-sotdisi amalga oshirilgan
11:11 / 2022-08-02

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2022 yilning 1-yarim yilligida O‘zbekiston avtomobil bozoridagi holat tahlil qilindi.

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 712 mingta avtotransport vositalari oldi-sotdisi amalga oshirilgan.   Bu ko‘rsatkich 2021 yilning birinchi yarmiga nisbatan 2,1 barobar ko‘pdir.

Shuni ham aytish joiz, yil boshidan buyon mamlakatning barcha hududlarida avtomobil savdosi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, eng yuqori o‘sish sur’atlari Namangan, Andijon, Buxoro, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlarida qayd etildi.

O‘sishning (375 mingta) 17 foizi respublikamizdagi ishlab chiqarish hajmlarining o‘sishi (64,4 mingta), 1 foizga yaqini importning o‘sishi (2,6 mingta) va qolgan 82 foizi ikkilamchi bozor hajmi o‘sishi evaziga to‘g‘ri keladi (308 mingta).

Umuman olganda, ro‘yxatga olingan avtotransport vositalari umumiy sonining 24 foizi yangi transport vositalaridir. Birlamchi bozorda xarid qilingan avtomobillar soni (mahalliy ishlab chiqarish – 160,3 ming, xorijiy – 9,8 ming) 170 ming donani tashkil etib, 2022 yilning shu davriga (103 ming) nisbatan 1,6 barobarga (+67 ming) o‘sdi.

Jumladan, hududlar kesimida eng ko‘p o‘sish Toshkent shahrida – 1,7 barobar (+18 ming), Farg‘ona – 1,8 barobar (+6 ming), Samarqand – 1,6 barobar (+5,6 ming), Xorazm – 1,8 barobar (+5,6 ming), Andijon – 1,7 barobar (+4,9 ming) va Buxoro – 1,7 barobar (+4,8 ming) viloyatlarida kuzatildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, davlatimiz rahbarining joriy yil fevral oyida O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda ichki talabni qondirish maqsadida joriy yilning birinchi yarmida 160 mingta, yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish zarurligi vazifa qilib berildi.

O‘tgan yilning birinchi yarmida ikkilamchi bozorda o‘rtacha 224 ming dona avtotransport vositalari sotilgan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon ushbu ko‘rsatkich 542 ming donani (o‘sish 308 ming) tashkil etdi.

Avtomobillar savdosining bunday keskin o‘sishi 2022 yil 1 yanvardan boshlab avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imning, shuningdek, oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun undiriladigan davlat boji to‘liq bekor qilinishi bilan bog‘liq.

Yana bir ma’lumot, joriy yilning birinchi yarmida chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalari oldi-sotdi shartnomalari soni 9,8 mingtani tashkil qilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga oshgan.

Chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosining 51 foizga yaqini Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hududlar kesimida bu ko‘rsatkich mos ravishda Toshkentda – 9 foiz, Qashqadaryoda – 7 foiz, Samarqandda – 6 foiz, Buxoroda – 5 foiz, Navoiyda – 5 foiz, Xorazmda – 4 foiz va Andijonda – 3 foiz ekanligi qayd etildi.


Sh. Mamaturopova, O‘zA