Suv sport turlari bo‘yicha Singapurda davom etayotgan jahon chempionati doirasida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Sport vazirligi vakillari xalqaro sport tashkilotlari, bir qator davlatlarning olimpiya harakati rahbarlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, Xalqaro antidoping tashkiloti (WADA) prezidenti Vitold Banka bilan kechgan muloqot chog‘ida sportchilar salomatligini asrash, dopingga qarshi kurashish tizimini kuchaytirish, yangi loyihalarni tatbiq etish masalasida fikr yuritildi.

Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti, Qatar olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston-Qatar o‘rtasidagi ko‘p qirrali do‘stona munosabatlar yildan-yilga rivoj topayotgani ta’kidlanib, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani e’tirof etildi.
Shuningdek, har ikki davlat terma jamoalarini yirik kompleks musobaqalarga tayyorlashda qo‘shma yig‘inlar tashkil etish, mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirishda tajriba almashish, olimpiya harakatining istiqboliga doir masalalar muhokama qilindi.

Koreya Respublikasi sport va olimpiya qo‘mitasi prezidenti Syong Min Ryu bilan muloqotda har ikki davlat hamkorligida jismoniy tarbiya va sport harakatida amalga oshirilgan keng ko‘lamli aloqalar yangicha formatda davom etayotgani qayd etildi.
Kelgusida bir qator olimpiya sport turlarida tajriba almashish, xalqaro o‘quv-yig‘inlar tashkil etish, istiqbolli loyihalarni hamkorlikda ro‘yobga chiqarish borasida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA