Keyingi yillarda kundalik turmush tarzimizga “Yashil makon”, “Yashil iqtisodiyot”, “Yashil energiya”, “Yashil oila”, “Ta’lim uchun qulay muhit”, "Besh tashabbus olimpiadasi”, “Olimpiya cho‘qqilari” kabi o‘nlab terminlar, loyihalar kirib keldiki, bu, nafaqat davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan mutaxassislarni, balki mamlakatimizdagi barcha tarmoqlarni, aholi qatlamlarini yagona maqsad sari birlashtirishga zarur shart-sharoitni vujudga keltirdi. Aslida milliy mentalitetimizda, qadriyatlarimizda “yashil” so‘zi hamisha ezgulik, oliyjanoblik, yaxshilik, orzu-niyatlarga erishish belgisi bo‘lib kelgan.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhit va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida sport orqali aholi salomatligini mustahkamlash, xalqaro maydonda raqobatbardosh terma jamoalarni shakllantirish asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan.
Aytish lozim, joriy yilda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolarining 250 dan ortiq nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtiroki ta’minlandi. Xususan, III yoshlar Osiyo o‘yinlari, VI Islom birdamligi o‘yinlari, yoshlar o‘rtasidagi para Osiyo o‘yinlari, shuningdek olimpiya sport turlari bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlari, xalqaro musobaqalarda 500 nafardan ortiq mamlakatimizning olovqalb sportchilarining ishtiroki uchun zarur shart-sharoitilar yaratildi.

Ortda qolayotgan 2025 yil davomida dzyudo, taekvondo WT, qilichbozlik, gimnastika, suzish, erkin kurash, ayollar kurashi, yunon-rum kurashi, akademik eshkak eshish hamda og‘ir atletika bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari Olimpiya dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha 20 ga yaqin jahon chempionatida ishtirok etdi. Terma jamoamiz vakillari Osiyo va jahon chempionatlarida 500 dan ortiq medallarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston sportining xalqaro nufuzini yanada yuksaltirdi.
Milliy sportimiz kurashni dunyo miqyosida ommalashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Joriy yil yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari va “Islom birdamligi” o‘yinlarida kurash musobaqalari o‘tkazilishi, ko‘plab davlatlarda xalqaro turnirlar tashkil etilishi ortidan jahon sport maydonlarida o‘zbekona so‘zlar jarangladi. Bayrog‘imizdan jilo olgan kurash yaktaklarida chempionlar va sovrindorlar aniqlandi. Ularda 1 800 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi. Bu, kurashning qit’alar kesimida tobora keng ommalashayotganidan dalolat.
Olimpiya harakatining muhim yo‘nalishlaridan biri –millionlar o‘yini futbol bo‘yicha shug‘ullanuvchilar soni 32 ming 333 nafarga yetkazilib, raqobatbardosh futbolchilar zaxirasi shakllantirildi.

Mazkur sa’y-harakatlar O‘zbekistonda olimpiya harakatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Terma jamoalarimizning yirik xalqaro arenalardagi ishtiroki, o‘sib borayotgan medallar soni va sport infratuzilmasining kengayishi jahon sport xaritasida yangi O‘zbekiston qiyofasini yanada yorqinroq namoyon etmoqda.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash hamda ularni professional sportga yo‘naltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, sport ta’lim muassasalariga qo‘shimcha 58 ming 482 nafar iqtidorli sportchi yosh qabul qilinib, natijada muntazam shug‘ullanuvchi yoshlar soni 11,5 foizga oshdi.
Bu jarayon so‘nggi yillarda sport ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Mamlakat bo‘ylab 300 dan ortiq sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport-ta’lim muassasalari tashkil etilayotgani jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar ulushi 30 foizga yetishiga zamin yaratdi.

Mavjud sport maktablarida aholi soni va hududlarning ixtisoslashuvini inobatga olgan holda olimpiya sport turlari bo‘yicha 200 dan ortiq yangi sport seksiyalari ish boshladi. Jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 14 ta, Andijon va Jizzax viloyatlarida 16 tadan, Buxoro viloyatida 18 ta, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 16 tadan, Navoiy viloyatida 13 ta, Namangan viloyatida 11 ta, Samarqand viloyatida 9 ta, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent shahrida 18 tadan, Toshkent viloyatida 17 ta, Xorazm viloyatida 12 ta yangi seksiyalar yo‘lga qo‘yildi.
Hududlarda sport maktablari negizida zamonaviy mashg‘ulot zallari va maxsus maydonchalar barpo etilayotgani, ayrim tumanlarda esa sport maktablari rekonstruksiya qilinib, sport turi va guruhlar soni keskin oshirilayotgani kuzatilmoqda. Ommaviy sport musobaqalari orqali esa yoshlar va aholi qatlamlarini qamrab olish hajmi 12 million nafarga yetkazildi.
Ushbu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda minglab iqtidorli o‘g‘il-qizlar uchun zamonaviy sport infratuzilma yaratilishiga xizmat qiladi hamda professional murabbiylar maktabiga keng yo‘l ochilayotganini ko‘rsatmoqda.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA