Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda OITS kasalligi yuqishiga qachon to‘liq barham beriladi?
19:57 / 2023-06-08

Bugungi kunda yurtimizda odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) kasalligi bilan 48 mingdan ortiq shaxs yashab kelmoqda.

Bu haqda AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Respublika OITSga qarshi kurash markazi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Mamlakatimizda OIV infeksiyasiga qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar  olib borilmoqda. Jumladan, tegishli hujjatlar qabul qilinib,  63 ta tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalar OITSga qarshi kurash markazlari tasarrufiga o‘tkazildi. Ular zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Har bir viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari negizida 5 tadan 40 tagacha OIV bemorlarga xizmat ko‘rsatadigan o‘rinlar tashkil etildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi 5 yilda OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortdi. Hukumat tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish 80 foizni tashkil etdi.

Bemorlarni ijtimoiy himoyalash maqsadida 18 yoshgacha bo‘lgan OIV infeksiyasiga chalingan bolalarga ijtimoiy nafaqalar berib kelinmoqda. OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berish uchun har yili bemor onalardan dunyoga kelayotgan (o‘rtacha 600 nafargacha) bolalar quruq sut aralashmalari bilan uzuluksiz ta’minlanmoqda. Buning natijasida 99,7 foiz bolalar sog‘lom bo‘lishiga erishilmoqda.

Ta’kidlanishicha, 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun, 2025 yilga qadar “95-95-95” strategiyasiga erishish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.  Ushbu strategiyani amalga oshirish uchun OIVga tekshiruvlar sonini yanada oshirish talab etiladi. Buning uchun OITSga qarshi kurash markazlari va tumanlararo laboratoriyalarning ham bir qismida kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish lozim. “95-95-95” tamoyiliga ko‘ra, OIV yuqtirgan bemorlarning 95 foizi o‘z statusini bilishi, bemorlarning 95 foizi maxsus terapiya bilan qamrab olinishi, bemorlarning 95 foizida virus yuklamasining past darajaga tushishiga 2025 yilgacha erishish va 2030 yilda OITS kasalligining yuqishiga barham berish maqsad qilingan.

Sevinch Yaxshiboyeva, O‘zA