Senatga “BMT-ayollar” tuzilmasining O‘zbekistondagi mamlakat dasturiy menejeri Zelixa Unaldi tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekistonning “BMT-ayollar” tuzilmasi bilan hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, mamlakatda gender tenglikni ilgari surish va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni huquqiy himoya qilish va gender tenglikni ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.
Bu borada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va 2030 yilgacha mo‘ljallangan Gender tenglikka erishish milliy strategiyasini amalga oshirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, har qanday kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchrashuvda 2026 yilda O‘zbekiston raislik qilayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotini rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
“Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi yakuniga doir taklif va tashabbuslar asosida kelgusida dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va gender tenglikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA