Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda o‘g‘rilik jinoyati: Kriminologik tahlil
10:46 / 2026-02-25

Jamoat xavfsizligini ta’minlash har qanday davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu borada o‘g‘rilik jinoyatlari alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ular jinoyatchilik tarkibida keng tarqalgan turlardan biri sifatida doimiy tahlilni talab qiladi.

Shu bois, O‘zbekistonda mazkur turdagi jinoyatlarning holati, dinamikasi va sabablarini ilmiy asosda o‘rganish orqali profilaktika tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan olib borilayotgan muntazam tahlillar esa jinoyatchilikning real holatini baholash, uning o‘zgarish tendensiyalarini aniqlash va samarali profilaktika choralarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, olib borilgan tahlillarga ko‘ra, mamlakatda o‘g‘rilik jinoyatlari doimiy ravishda kompleks kriminologik tahlil asosida o‘rganib borilmoqda. Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, 2025-yilda umumiy jinoyatchilik darajasi har 100 ming aholiga nisbatan o‘rtacha 412,9 tani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich jinoyatchilik holatini baholashda muhim indikator hisoblanadi.

O‘g‘rilik jinoyatlarining yillar bo‘yicha dinamikasi esa bir xil emasligi bilan ajralib turadi. Misol uchun, 2021-yilda ushbu turdagi jinoyatlar 2020-yilga nisbatan 141,7 foizga oshgan. Keyingi yilda vaziyat o‘zgargan va 2022-yilda 22,8 foizlik kamayish kuzatilgan. 2023-yilda ham pasayish davom etib, 2,5 foizni tashkil etgan. Biroq, 2024-yilda yana o‘sish qayd etilgan va mazkur tendensiya 2025-yilda ham saqlanib, 1,7 foizlik ko‘payish qayd etilgan.

Bu holat o‘g‘rilik jinoyatchiligi dinamikasi turli omillar ta’sirida o‘zgarib turishini va mazkur sohada tizimli tahlil doimiy ravishda muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Jinoyat sub’ektlari kesimida olib borilgan tahlillar ham ayrim muhim o‘zgarishlarni ko‘rsatadi. Jumladan, muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyatlari 2024-yilda oshgan bo‘lsa-da, 2025-yilda ularning soni 15,8 foizga kamayib, 1 ming 718 tani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich profilaktika ishlarining muayyan natijalar berayotganini anglatadi.

Ayollar tomonidan sodir etilgan o‘g‘rilik holatlari ham xuddi shunday dinamikani namoyon etgan. 2024-yilda ushbu ko‘rsatkich o‘sgan bo‘lsa, 2025-yilda 16,8 foizga kamayib, 1 ming 104 ta holat qayd etilgan.

Ijobiy tendensiyalardan yana biri — voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlar sonining izchil kamayib borayotgani. Xususan, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan o‘g‘riliklar 2024-yilda 9 foizga kamaygan bo‘lsa, 2025-yilda yana 4,2 foizga qisqarib, 1 ming 313 ta holat qayd etilgan.

Shuningdek, yoshlar va ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda ham pasayish kuzatilmoqda. Spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda sodir etilgan jinoyatlar sonining sezilarli darajada kamaygani ham ijobiy ko‘rsatkich sifatida baholanmoqda.

Jinoyatchilik sabablari nima bo‘lgan?

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, o‘g‘rilik jinoyatlarining kelib chiqishida iqtisodiy qiyinchiliklar, nazoratning yetarli darajada emasligi, huquqiy ong va huquqiy madaniyatning yetarli shakllanmagani hamda ijtimoiy muhit ta’siri muhim omillar hisoblanadi.

Shu bois profilaktika ishlari faqat jazo choralari bilan cheklanmasligi zarur. Aholi bandligini ta’minlash, huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish va mahallalarda nazorat mexanizmlarini mustahkamlash esa jinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

Bu yondashuv jinoyatchilikka qarshi kurashishda kompleks va tizimli choralarni amalga oshirish juda zarurligini ko‘rsatadi.

Qolaversa, so‘nggi yillarda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, «Tezkor boshqaruv markazlari» tashkil etilib, minglab videokuzatuv qurilmalari yagona tizimga integratsiya qilingan.

Bu tizim jinoyatlarni tezkor aniqlash, ularni fosh etish va oldini olish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirmoqda.

Shu bilan birga, ekspert-kriminalistika sohasida genom ma’lumotlaridan foydalanish amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi hamda zamonaviy laboratoriyalar faoliyatining kengaytirilishi jinoyatlarni ochish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Olib borilgan tahlillar esa O‘zbekistonda o‘g‘rilik jinoyatchiligi holati doimiy ravishda ilmiy asosda o‘rganilayotganini ko‘rsatadi. Ayrim yillarda o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, jinoyat sub’ektlari bo‘yicha, xususan muqaddam sudlanganlar, ayollar, voyaga yetmaganlar, yoshlar va ishsizlar ishtirokidagi jinoyatlarning kamayishi profilaktika ishlari muayyan samara berayotganini tasdiqlaydi.

Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy tahlillar alohida ahamiyatga ega. Institut tomonidan tayyorlanayotgan kriminologik tahlillar, statistik ma’lumotlarni chuqur o‘rganish va ilmiy asoslangan xulosalar jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha samarali qarorlar qabul qilish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Natijada, ilmiy yondashuv, zamonaviy texnologiyalar va tizimli profilaktika choralarining uyg‘unligi jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikni kamaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.  

M.Eshmirzayeva, O‘zA