Oliy Majlis Senatiga YeXHTning odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili va koordinatori Keri Jonston boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Senat Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda odam savdosining oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish va munosib mehnat tamoyillarini ta’minlash sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlik amaliy natijalar berayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Odam savdosidan jabrlanganlarni aniqlash va himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani bildirildi.

K.Jonston O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan tizimli islohotlar va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ijobiy baholadi.
Milliy mexanizmlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, jabrlanuvchilarga yo‘naltirilgan yondashuvni kuchaytirish va profilaktika ishlarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Raqamli platformalar orqali sodir etilayotgan yollash va aldash holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Suhbat davomida Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan odam savdosiga qarshi kurashishda texnologiyalardan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro treningning ahamiyati, unda ko‘tarilgan dolzarb masalalar va ilgari surilgan tashabbuslarni Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning kelgusi reja va dasturlariga joriy etish muhimligi qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA