Mamlakatimizda gidroenergetika sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ushbu tizimga qaratilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan islohotlar muhim omil bo‘lmoqda.
Ana shunday o‘zgarishlar sabab bugun tizimda ishlab chiqarish imkoniyati kengaydi va quvvatlar oshirildi. Bu ishlar natijasida elektr energiyasini ishlab chiqarishda gidroenergetikaning ulushi 15 foizni tashkil etmoqda.
O‘zA muxbirining “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Nodirbek AKCHABOEV bilan suhbati 2030 yilga qadar rivojlanish strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va kelgusi rejalar xususida bo‘ldi.
– Bugun gidroenergetika tarmog‘ida ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, – dedi N.Akchaboyev. – Xususan, 2017 yilgacha gidro elektr stansiyalarning umumiy quvvati sohada 1 856 MVtni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-2023 yillarda amalga oshirilgan loyihalar natijasida qo‘shimcha 377 MVt yangi va modernizatsiya qilingan quvvatlar ishga tushirilib, umumiy quvvat 2233 MVtga yetkazildi.
Jamiyat tarkibida 62 ta gidro elektr stansiyasi mavjud bo‘lib, ular 30 MVtdan yuqori 14 ta yirik GES, 5-30 MVtli 27 ta o‘rta GES, 0,5-5 MVtli 9 ta kichik GES va 0,5 MVtgacha 12 ta mikroGESlardir.
Bugungi kunda tizim faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan, Investitsiya dasturiga muvofiq 8 ta loyiha tatbiq etilyapti. 2024 yilda jami 18 ta mikroGES, shundan, bugungi kun holatiga 6,9 MVt bo‘lgan 6 ta mikroGES ishga tushirildi. Qolgan mikroGESlarda ham qurilish, montaj, sozlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda va yil yakuniga qadar ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
–2024–2030 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha yangilangan dastur asosida qanday ishlar amalga oshiriladi?
–Yangilangan dasturda belgilangan vazifalar haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, 2030 yilga qadar 50 ta yangi GES qurish orqali gidroenergetikaning umumiy quvvatini 6 000 MVtgacha yetkazish, ya’ni quvvatlarga qo‘shimcha deyarli 3 barobar quvvat yaratish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, 2024 yildan jamiyat tomonidan rostlovchi quvvatlarni vujudga keltirish maqsadida yurtimizda birinchi bor 4ta gidro to‘plash elektr stansiyalar (GTES) qurilishi loyihalarini boshlash, 18 ta yirik va o‘rta quvvatli GESlar, 24 ta mikro va kichik GESlar qurilishi va 15 ta GESni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Mazkur istiqbolli loyihalar hisobiga jamiyat tasarrufidagi GESlar tomonidan yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish deyarli 3 barobarga oshiriladi.
Misol tariqasida olib qaraydigan bo‘lsak, shu yilning o‘zida umumiy quvvati 1600 megavattga teng 4 ta yirik gidro to‘plash elektr stansiyalarning texnik iqtisodiy asoslari jamiyat tomonidan ishlab chiqilishi boshlangan.
Keyingi bosqichda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish orqali xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalari amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida quvvati 200 megavattli “Xo‘jakent” gidro to‘plash elektr stansiyasi, shu tumanda quvvati 600 megavattli “Yuqori Pskom” gidro to‘plash elektr stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 500 megavattli “Karateren” gidro to‘plash elektr stansiyasi va Jizzax viloyatida 300 megavattli “Aydarko‘l” gidro to‘plash elektr stansiyasini qurish bo‘yicha texnik iqtisodiy asoslar ishlab chiqilishi joriy yil yakunlanadi.
Keyingi yilda loyihaning amalga oshirish mexanizmlari to‘liq ko‘rib chiqilgan holda, investorlar bilan muhokama qilinadi va ikkinchi bosqichga o‘tiladi. Ushbu loyihalar 2030 yildan boshlab ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
–Ma’lumki, Namangan viloyati Norin daryosida umumiy quvvati 228 MVt bo‘lgan Norin GESlar kaskadi qurilishi loyihasini amalga oshirishga start berildi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, unga milliy loyiha sifatida qaralmoqda. Mazkur loyihaning boshqalariga nisbatan farqli jihatlari nimada?
–2023 yil 30 martda “Gidroenergetika sohasini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingan. Unga asosan, 2024-2030 yillarda mamlakatimizdagi mavjud gidrosalohiyatdan foydalanish darajasini oshirish va yangi gidroenergetik quvvatlarni yaratish ko‘zda tutilgan. Namangan viloyati Norin daryosida umumiy quvvati 228 MVt bo‘lgan Norin GESlar kaskadi qurilishi loyihasi ham ushbu qaror ijrosida amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 25 mart kuni Namangan viloyati Uychi tumanida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan quvvati 228 MVt bo‘lgan Norin GESlar kaskadi qurilishi loyihasiga start berildi. Ushbu istiqbolli loyiha viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji uchun muhim turtki bo‘lib xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xU0BpVsTk-g" title="O‘zbekistonda Norin GESlar kaskadi bunyod etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mazkur barpo etiladigan GESlar kaskadi respublikada birinchi bor to‘lig‘icha “Milliy GES”ga aylanadi. Sababi, loyiha to‘liq jamiyat mablag‘lari hisobidan, mahalliy loyihalashtirish va pudrat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar ham o‘zimizda to‘liq mahalliylashtirish asosida ishlab chiqariladi.
Norin GESlar kaskadi 6 ta GESdan iborat bo‘lib, har bir GESning quvvati 38 MVtni tashkil qiladi. Ushbu istiqbolli loyihaning ishga tushirilishi natijasida yiliga o‘rtacha 1 025 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Loyiha to‘liq “O‘zbekgidroenergo” AJ mablag‘laridan moliyalashtiriladi. Rejaga ko‘ra, “GES-1” va kaskad podstansiyasi qurilishi 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan. “GES-2” qurilishi 2025-2026 yillarda, “GES-3” va “GES-4” qurilishi 2026-2027 yillarda, “GES-5” va “GES-6” qurilishi 2027-2028 yillarda amalga oshiriladi.
–Gidroenergetika sohasini rivojlantirishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati qanday?
–Har bir soha uchun xalqaro tajriba muhim. Bizning yo‘nalishda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ham xalqaro kompaniyalarning tajribasiga ehtiyoj seziladi.
Shu sababli, biz bugungi kunda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya kabi mamlakatlar bilan hamkorlik qilib kelamiz.
Yaqinda “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovning Turkiya davlatiga qilgan xizmat safari chog‘ida bir qator hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Masalan, Turkiya poytaxti Anqara shahridagi “DOLSAR Engineering” kompaniyasi bosh ofisida tashkil etilgan muzokara natijalariga ko‘ra, ushbu kompaniyalar o‘rtasida umumiy qiymati 52 million dollarga teng 3 ta loyihani amalga oshirish doirasidagi shartnomalarni imzolashga kelishildi.
Unga muvofiq, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskom daryosida “Toldiqsoy GES” va “Qorong‘ito‘qay GES” qurilishida TIAsini ishlab chiqish, Namangan viloyati Norin daryosida Norin GESlar kaskadi qurilishida PMS xizmatlari va Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskom daryosida “Pskom GES” loyihasining to‘g‘oni qurilishida PMS pudratchi xizmatlari bo‘yicha hamkorlikda ishlar bajariladi.
Shuningdek, ushbu safar davomida “Özaltin Holding” kompaniyasi ofisida o‘tkazilgan muloqot natijasida “Özaltin Holding” kompaniyasi bosh direktori Muzeffer O‘zdemir “Pskom GES” qurilishi doirasida to‘g‘on bunyod etishda (tender orqali) qatnashish istagini bildirdi. Shu tariqa, tomonlar o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashga muvaffaq bo‘ldi.
Aytish kerakki, bu kabi loyihalarni tatbiq etish 2030 yilga qadar rivojlanish strategiyasida belgilangan gidroenergetikaning ishlab chiqarishdagi ulushini 6000 megavattga yetkazishdek ulkan vazifalar ijrosi yo‘lidagi dastlabki natijalar.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi