Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda nega aynan ingichka tolali paxta yetishtirishga katta e’tibor berilmoqda?
15:38 / 2023-03-23

Mamlakatimizda paxta xomashyosini yetishtirishda fermer, dehqon xo‘jaliklari va klasterlarga bozor talablariga to‘liq javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Surxon vohasining issiq iqlimi, unumdor tuprog‘i ingichka tolali g‘o‘za yetishtirish uchun ayni muddao. Chunki, aynan ingichka tolali paxta juda issiq ob-havo sharoiti, suvsizlik, garmsel va zararkunanda hasharotlarga chidamlidir. Samaradorligi ham boshqa navlarga nisbatan 60 foiz yuqoriroq. Eksportbopligi, yuqori narxga baholanishi va jahon bozorida talabgorligi, to‘qimachilikda esa pishiq ip-kalava, sifatli mato tayyorlashdagi ahamiyati sabab ingichka tolali paxta yetishtirishga bo‘lgan qiziqish ortmoqda.  

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2022 yil 18 martdagi «Surxondaryo viloyatida ingichka tolali paxta yetishtirishni ilmiy asosda amalga oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ham ingichka tolali g‘o‘zaning respublika janubiy mintaqalari tuproq-iqlim sharoitlariga mos, serhosil, tezpishar, kasallik va zararkunandalarga bardoshli, sanoatbop navlarini yaratish hamda urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator vazifalar belgilab berilgan.  

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilshodbek Nazirov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari Surxon vohasi iqlimiga mos ingichka tolali paxtaning bir nechta yangi navlarini yaratishga erishdi.  

– Ingichka tolali paxta juda qimmat turadi, – deydi ilmiy-tadqiqot instituti maslahatchisi, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent Mardonqul Tojiyev. – Ingichka tolali paxta issiqsevar o‘simlik hisoblanadi. Atrof-muhit havosi, irsiy kasallik va hasharotlarga chidamlidir. Hozirda institutimizda bir necha yangi navlar yaratilgan. Jumladan, yangi yaratilgan "SP-1 607" navli paxta viloyatimizda 6 800 gektar maydonga ekilmoqda. Bundan tashqari, "Termiz-2" navi 4 600 gektarga, "Surxon-14" navi 3 500 gektarga ekilishi rejalashtirilgan. Yangi "Termiz-28, "ST-1 651" navlarini ham katta yer maydonlarida yetishtirish mo‘ljallanyapti.  

Joriy yilda yaratilgan paxtaning yangi navlarini 18 ming gektar maydonda yetishtirish rejalashtirilgan. Ob-havo keskin o‘zgarib, harorat yildan yilga oshib, zararkunanda hasharotlar ko‘payib bormoqda. Tuproq unumdorligi ham pasayib, suv tanqisligi kuzatilyapti. Shuning uchun fermerlar, klasterlar va olimlar hamkorlikda ishlashi kerak.  

Yaratilgan yangi navlarni keng yetishtirishda «Klaster Sherobod», «Angor Zamin» hamda «Jarqo‘rg‘on Jayxun» klasterlari bilan hamkorlikda ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Tolasi sanoatbop, zararkunandalarga va tashqi muhitga chidamli navlar fermer va klasterlarga ma’qul keldi. Jumladan, 6 ming 80 gektar maydonga «SP-1607» hamda 5 ming 60 gektar yerga «Termiz-202» navlarini ekish rejalashtirilgan.   

– Yurtimizda ingichka tolali paxtani yetishtirish uchun qulay sharoit bor, – deydi Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Abdumurod Donoboyev. – Xususan, ingichka tolali paxtaning yangi, nafis sifatlisini yetishtirish uchun Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining iqlimi juda mos keladi. Bugun institutimizda yurtimizdagi to‘qimachilik korxonalarini sifatli tola bilan ta’minlash borasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda va yangi g‘o‘za navlari yaratilmoqda. Ayni paytda institutimiz jamoasi tomonidan paxtaning 10 ta yangi navi yaratilgan bo‘lib, ulardan 5 tasini joylarda ekish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. G‘o‘zaning hosildor, sifati juda yuqori va tashqi ta’sirga chidamli navlarini 18 ming gektar yerga ekish uchun bosh urug‘lar tayyorlanib, fermer va klasterlarga yetkazib berilmoqda.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA