Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda nechta sudya faoliyat ko‘rsatmoqda?
18:46 / 2021-06-22

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Matbuot anjumanida Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov hamda kengash a’zolari ishtirok etdi.

Farmonda sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni ta’minlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish – sudyalar mustaqilligini ta’minlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan etib belgilangan.

– O‘tgan davr mobaynida Prezident farmonida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosi doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi, – dedi Sudyalar oliy kengashi kotibi Xurshid Sodiqov. – Jumladan, ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlarini Internet tarmog‘i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borish yo‘lga qo‘yildi. 

Sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dastur ishlab chiqilib, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi va to‘liq ishga tushirildi. Sudyalar oliy kengashi qarori bilan “Sudyalik lavozimlariga nomzodlar va sudyalarning kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi psixologik test tizimi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlanib, “Psixologik test” elektron dasturi ishga tushirildi. Bu dastur orqali shaxsning psixologik holatlari va xususiyatlari baholanadi hamda shu asosida tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan xulosa tuziladi.

Bundan tashqari, matbuot anjumanida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining 2021 yil 7 yanvardagi qarori bilan O‘zbekiston Sudyalar klubi to‘g‘risidagi Nizom, klubning mas’ul a’zolari hamda klub faoliyatiga ko‘maklashuvchi hududiy vakillar tarkibi tasdiqlanib, klub o‘z faoliyatini boshladi. Sudyalar klubining elektron platformasi ishga tushirilib, unda sudyaning daxlsizligi buzilgan holatlar to‘g‘risida tezkor xabar yuborish, odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, o‘zaro muloqot asosida sudyalar malakasini oshirish va yagona sud amaliyotini joriy etishga ko‘maklashish tizimi yaratildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur klubning onlayn forumi sudyalar uchun ochiq muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda. Unda sud amaliyotiga oid 1004 ta mavzu bo‘yicha o‘zaro 5264 marotaba fikr almashildi, qonunchilikni takomillashtirishga oid 441 ta taklif muhokama qilingan. Shuningdek, klub onlayn forumida fuqarolik ishlari bo‘yicha sud amaliyoti 1392 marta, jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti 860 marta, ma’muriy ishlar bo‘yicha sud amaliyoti 736 marta, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud amaliyoti

601 marta, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti 281 marta muhokama qilingan.

Sudyalar oliy kengashining rasmiy veb-sayti yangilanib, unda Kengash haqida ma’lumot, Kengash tarkibi, Kengash huzuridagi tashkilotlar, O‘zbekistonda ishlayotgan sudyalar ro‘yxati, tahliliy ma’lumotlar, nomzodlar uchun foydali ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan murojaatlarni yuborish platformasi joylashtirilgan. Bu, o‘z navbatida, sudyalar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda jami 1248 nafar sudya faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, ayni paytda 83 ta o‘rin vakant hisoblanadi.

Sudyalarning 50 foizga yaqini ilk marta sudyalik lavozimiga tayinlanganlar hisoblanadi.

Sudyalarni tayinlash mobaynida gender tenglik masalalariga ham alohida e’tibor qaratib kelinayotgani alohida ta’kidlandi. Jumladan, sudyalarning 12 foizini ayollar tashkil etadi. 30dan ortiq ayol sudya rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Sohada gender tenglik bo‘yicha O‘zbekiston dunyo davlatlari orasida ijobiy o‘rinlarda turishi qayd etildi.

Tadbirda jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qildi. Xususan, ba’zan sud majlislarining o‘z vaqtida boshlanmasligi, bu esa fuqarolarning ovoragarchiliklariga sabab bo‘layotgani, sud jarayonlari uzoq cho‘zilib ketishi, sudyalarning mas’uliyati, oylik maoshlari miqdori, sohadagi korrupsion holatlar, ochiqlikni ta’minlash borasida OAV vakillari bilan ishlash masalalariga oid o‘tkir savol va murojaatlar, takliflarga mutasaddilar tomonidan tegishli tartibda javob qaytarildi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, Sudyalar oliy kengashi tomonidan “Sud va OAV o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari” hamda “Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati” nomli risolalar chop etilgan. Ular sudlar faoliyatini yoritishda OAV vakillari uchun qo‘llanma bo‘lishi, ba’zan OAV hamda sudlar o‘rtasida o‘zaro tushunmovchiliklar yuzaga kelganda ushbu qo‘llanmalar asqotishi alohida ta’kidlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA