French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda nasiya savdo xizmatlari bozorining hozirgi holati o‘rganiladi
16:47 / 2026-02-04

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda nasiya savdo, ya’ni tovar va xizmatlarni bo‘lib to‘lash orqali xarid qilish amaliyoti jadal rivojlanmoqda. Aholi o‘rtasida ushbu xizmatga bo‘lgan talab ortib borayotgani bozorni tizimli tartibga solish va nazoratni kuchaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Markaziy bank rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, nasiya savdo va iste’mol kreditlari segmenti aholi qarz yukining ortishiga ta’sir qilayotgan omillardan biri hisoblanadi. Shu bois, ushbu sohada shaffoflikni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va moliyaviy xavflarni kamaytirish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonun doirasida nasiya savdo xizmatlarini tartibga soluvchi huquqiy mexanizmlar takomillashtirildi. Ushbu hujjatda kredit shartlarini ochiq ko‘rsatish, foizlar va qo‘shimcha to‘lovlar haqida iste’molchini oldindan xabardor qilish talablari belgilangan. Shuningdek, banklar va mikromoliya tashkilotlari uchun makroprudensial me’yorlar joriy etilgan.

Markaziy bank tomonidan iste’molchilarning qarz yukini baholash, bir shaxsning bir vaqtning o‘zida bir nechta nasiya majburiyatlariga ega bo‘lish holatlarini tahlil qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu orqali aholining moliyaviy barqarorligini saqlash va ortiqcha qarzdorlik xavfini kamaytirish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, Markaziy bank tashabbusi bilan nasiya savdo bozori ishtirokchilari o‘rtasida axloq qoidalari ishlab chiqilib, iste’molchilarni chalg‘ituvchi reklama va yashirin to‘lovlarni cheklash choralari ko‘rilmoqda. Bozor ishtirokchilari faoliyatini monitoring qilish, qonun buzilish holatlariga nisbatan chora ko‘rish amaliyoti ham davom ettirilmoqda.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, nasiya savdo bozorining rivojlanishi iqtisodiy faollikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq uning nazoratsiz o‘sishi aholi qarz yukining ortishi va moliyaviy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfini ham yuzaga keltiradi. Shu sababli sohani huquqiy tartibga solish va davlat nazoratini kuchaytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Markaziy bank tomonidan O‘zbekistonda nasiya savdo (bo‘lib to‘lash) xizmatlari bozorining hozirgi holatini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazilmoqda. Ushbu tadqiqot orqali nasiya xizmatlarining qay darajada ommalashgani, qaysi tovar va xizmat turlarida keng qo‘llanilayotgani, shuningdek, iste’molchilar bir vaqtning o‘zida nechta nasiya majburiyatiga ega ekani aniqlanadi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, so‘rovnoma faqat nasiya xizmatidan foydalangan fuqarolar uchungina emas. Nasiya savdodan foydalanmaganlarning ham javoblari bozordagi umumiy holatni xolis baholash uchun muhim ahamiyatga ega. Nasiya xizmatidan foydalangan fuqarolarning tajribasi esa amaldagi shartlar, shaffoflik darajasi va ehtimoliy xavf-xatarlarni aniqlashga xizmat qiladi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda nasiya savdo bozori jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Shu bilan birga, uning huquqiy tartibga solinishi, shartlarning ochiqligi, foizlar va qo‘shimcha to‘lovlarning iste’molchilarga ta’siri atroflicha o‘rganilishini talab qilmoqda. Ushbu so‘rovnoma natijalari kelgusida sohani takomillashtirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qarorlar qabul qilishda asos bo‘ladi.

So‘rovnoma o‘tkazish uchun @cbu_nasiyabot ishga tushirildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA