Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda naqd puldan foydalanishga mutlaqo chek qo‘yiladimi?
16:37 / 2022-01-11

Bugungi kunda O‘zbekistonda naqd pullardan foydalanish borgan sari kamayib borayotganini kuzatayapmiz. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, bora-bora naqd ko‘rinishdagi pullarning mutlaqo muomaladan chiqishi mumkinligi quloqqa chalinadi. Bunga aniqlik kiritish maqsadida Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin BOZOROVga yuzlandik.

– O‘zbekiston misolida bu fikrga qo‘shila olmaymiz. Haqiqatdan ham, bugungi kunda naqd pulsiz, jumladan, bank kartalari hisob-kitoblar hajmi ortib bormoqda va bu naqd puldan foydalanish kamayib borayotganligini bildirmaydi. 

Misol uchun, 2020 yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi 1,6 trln. so‘mga yoki 5,8 foizga ko‘paydi. Qolaversa, 2020 yilda banklar kassasiga kelib tushgan naqd pullar hajmi 179,9 trln. so‘mni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 26 foizga ko‘paygan bo‘lsa, banklardan 180,2 trln. so‘mlik naqd pullar berildi va bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 25 foizga oshdi.  

Yana bir ko‘rsatkichga e’tibor qaratsak, 2020 yilda savdo va pullik xizmatlardan banklarga tushumlar tarkibida 85,6 trln. so‘mi yoki 58,4 foizi naqd puldagi tushumlar hissasiga to‘g‘ri kelib, 2019 yilga nisbatan 1,6 foizli bandga ko‘paygan. 

Ushbu ko‘rsatkichlarga qarab, “naqd pullardan foydalanish kamayib bormoqda”, deyish to‘g‘ri emasligini anglash mumkin. 

Darhaqiqat, 2017 yilda 50 000 so‘mlik, 2019 yilda 100 000 so‘mlik banknotlarning muomalaga chiqarilishi ortidan kichikroq qiymatdagi banknotlarning o‘rnini yirik qiymatdagi pullar egallashi hisobiga muomaladagi banknotlar soni sezilarli miqdorda kamaydi. 

Mazkur holat aholiga va tadbirkorlik sub’ektlariga naqd pullar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, ularni olib yurish, saqlash uchun qulayliklar ortib borayotganini bildiradi. 

Naqd pul sohasidagi xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, 2020 yilda Yevropa ittifoqi mamlakatlarida ham naqd pulga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgan. 2020 yilning 9 oyida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi Yevropada 10,6 foizga ko‘paygan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich AQSHda – 14,6 foizni, Xitoyda – 7,9 foizni, Hindistonda – 23,1 foizni tashkil etgan. 

Savolning ikkinchi qismiga to‘xtalib, shuni aytish lozimki, naqd pullardan voz kechib, hisob-kitoblarni naqdsiz ko‘rinishda amalga oshirishga o‘tishning afzalliklari ko‘p va eng asosiysi, iqtisodiyotda pul aylanishi tezlashadi.  

Bunday jarayon tabiiy ravishda hamda hukumatning qo‘llab-quvvatlashi orqali aholiga qiyinchilik tug‘dirmagan holda ro‘y berishi, bosqichma-bosqich joriy etilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. 

Masalan, dastlab kommunal to‘lovlarni faqat naqdsiz shaklda to‘lash, ayrim yirik savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan to‘lovlarni bank kartalari orqali qabul qilish kabi tartiblarning joriy etilishi savollarga yetaklashi mumkin. 

DUNYO DAVLATLARIDA...

Shvetsiya davlati naqd pullardan voz kechish siyosatini 2015 yilda boshlagan bo‘lib, bugungi kunda ushbu davlatda restoranlar, dorixonalar va savdo korxonalari to‘lov uchun naqd pullarni qabul qilishni rad etish huquqiga ega. 

Ayrim ommaviy axborot vositalarida Nyu-York shahridagi bir qator savdo korxonalari va restoranlar to‘lovlarni faqat naqdsiz ko‘rinishda qabul qilishni tajriba tariqasida qo‘llab ko‘rishi ba’zi aholi vakillarining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan ekan. 

Endi O‘zbekiston misolida shu jarayonni tasavvur qilib ko‘ring-chi, buning uchun bizda yetarli shart-sharoit mavjudmi, aholining dunyoqarashi shakllanganmi? 

Oddiygina misol, mamlakatimizda oylik ish haqini va pensiya to‘lovlarini bank kartalari orqali to‘lanishiga e’tiroz bildiruvchi fuqarolar ko‘plab topiladi.  

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA