Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda milliy havo sifati standartlari ishlab chiqiladi
15:32 / 2024-01-23

Toshkent shahri atmosferasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan 15 ta avtomatik stansiya orqali monitoring qilinadi.

Monitoring davomida havodagi chang, oltingugurt dioksidi, azot dioksidi, azot oksidi, uglerod oksidi, fenol, ftor vodorod, ammiak, formaldegid, og‘ir metallar, PM10 va PM2,5mayda zarralari kuzatib boriladi.  

Atmosferaning ifloslanishi haqidagi ma’lumotlar Ekologiya vazirligining  saytiga integratsiya qilindi. Mazkur ma’lumotlar IQAir veb-saytida  hamda  “O‘zgidromet”ning monitoring.meteo.uz platformasida ham berib boriladi. Saytdagi havoning ifloslanishi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘rsatmalari (JSST) bilan taqqoslanadi.  

Ayni damda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda atmosfera havosi sifati monitoringi bo‘yicha milliy platforma va mobil ilovani ishlab chiqishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, havodagi mayda zarrachalar miqdori va ularning aholiga ta’siri bo‘yicha milliy havo sifati standartlari ishlab chiqiladi.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, o‘tgan 2023 yilda loyiha doirasida Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholining atmosfera havosi ifloslanishidan kasallanish darajasini o‘rganish ishlari boshlab yuborilgan.  

O‘rganishlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda havoning ifloslanish darajasi ortib bormoqda. Shuningdek, Toshkent shahrining atmosfera havosidagi chang ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyadan 1,3 baravar oshib ketgan. Shu bilan birga, o‘tgan 2023 yilda Toshkent shahridagi havo ifloslanishini avtomatik nazorat qiluvchi stansiyalar ma’lumotlariga asosan eng ifloslangan oy yanvar oyi bo‘lgan. JSST tavsiyalariga ko‘ra, havoning ifloslanishi salomatlik uchun xavfli bo‘lib, insult, yurak-qon tomir kasalliklari, nafas olish tizimi xastaliklari va o‘pka saratonini keltirib chiqaradi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA