O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deya qayd etilgan.
10 oktyabr kuni “Debat Xoll” media markazida “Yangi O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar” mavzusida tadbir tashkil etildi. Unda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda respublikamizdagi milliy madaniy markaz va OAV vakillari ishtirok etdi.
–Biz turkman xalqi vakillari o‘z urf-odatlarimizni saqlab qolishimizda, ularni kelajak avlodga yetkazib berishda ko‘maklashilmoqda. Xususan, o‘z tilimizda bilim olish, radio va televideniye eshittirishlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, Maxtumqulining 300 yilligini keng nishonlash ham ushbu ijobiy ishlarga misoldir, – deydi Respublika turkman madaniyat markazi raisi Guldane Avezdurdiyeva.
Darhaqiqat, ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mustaqillik yillarida yurtimizda milliy madaniy markazlarning 500 dan ortiq faoli orden va medallar bilan taqdirlandi.

Bu yil keng nishonlangan 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun 30 nafar turli millat vakillari bo‘lgan yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, 283 nafar mahalliy va xorijiy hamkorlar O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
Etnomadaniy infratuzilmani rivojlantirish maqsadida milliy madaniy markazlar uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Do‘stlik uylari” tashkil etildi, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda va rivojlantirilmoqda.
–O‘zbekistonda hozirda 300 mingdan ziyod qirg‘iz millatiga mansub insonlar istiqomat qiladi va "O‘zbekiston – umumiy uyimiz" shiori ostida hamjihatlikda yashab kelmoqda, – dedi O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Anora Jabborova.
Tadbirda joriy yil 27 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga navbatdagi saylovlar va unda ishtirok etuvchi ko‘p millatli xalqimizning siyosiy huquqlari xususida mulohazalar bildirildi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA