Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuvidagi nutqini katta qiziqish bilan tingladim.
Nomzod o‘z nutqida mamlakatimizni rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ishlar, xususan, Andijon viloyatida amalga oshiriladigan ko‘plab loyihalar xususida to‘xtaldi.
O‘zbekiston fuqarosi, shu yurtda yashayotgan rus millatining vakili sifatida Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslar shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishiga ishonaman.
Ayniqsa, nomzod tomonidan mahalla tizimini isloh qilish, fuqarolik jamiyati instituti sifatida uning nufuzini oshirish, shuningdek, Jamoatchilik palatasini tashkil etish yuzasidan ilgari surilgan takliflar juda o‘rinli va men ana shu takliflarni to‘la qo‘llab-quvvatlayman.
Mening nazarimda, mahalla instituti maqomini Bosh qonunimiz – konstitutsiyaga kiritish vaqti keldi. Nomzodning tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, mahalla maqomini Konstitutsiyamizda aks ettirish taklifini bildiraman.
Men jannatmonand O‘zbekistonning go‘zal Andijonida tug‘ilib, o‘sdim. Mening hayotim, taqdirim shu yurt bilan bog‘liq. Qolaversa, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, O‘zbekiston Rus milliy madaniy markazi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari sifatida bugun yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, siyosiy jarayonlarga befarq qaray olmayman. Shu ma’noda Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar shaxsan meni to‘la qanoatlantirdi.
Shu o‘rinda men Shavkat Mirziyovning tashabbusi bilan 30 iyul O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni”, deb belgilanganligi, yurtimizda keyingi yillarda millatlararo munosabatlar, turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlash masalalariga katta e’tibor qaratilayotganligini alohida e’tirof etishni istar edim.
Buni Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Eng avvalo, yurtimiz tinch. Millatidan qat’i nazar har bir fuqaro emin-erkin yashab, mehnat qilmoqda. Bugun viloyatda uyg‘ur, qirg‘iz, koreys hamda arman milliy-madaniy markazlari qatori O‘zbekiston Rus milliy madaniy markazi viloyat bo‘limi ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Andijonda rus pravoslav va xiristian cherkovlari ishlab turibdi. Butun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarida rus tili va adabiyoti fani o‘qitilmoqda. Darslar to‘la rus tilida olib boriladigan hamda aralash o‘qitiladigan maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Andijon davlat universitetining xorijiy tillar fakultetida rus tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha yuzlab talabalar tahsil olmoqda.
Ishonamanki, O‘zbekistonimizda turli millat vakillarining emin-erkin yashab, Vatan taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilishi uchun zarur barcha ishlar qilinadi. Yurtimizda millatlararo do‘stlik yanada mustahkamlanadi.
Yekaterina SMESOVA,
O‘zbekiston Rus milliy madaniy markazi
Andijon viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari.
O‘zA