Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda millatlararo do‘stlik hech qachon zavol topmaydi
18:29 / 2023-08-02

Mamlakatimizda millatlararo do‘stlik, turli millatlar vakillari o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda 30 iyul bir necha yildan buyon “Xalqlar do‘stligi kuni” kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Bu eng avvalo, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bugun millatidan qat’i nazar shu yurtda yashayotgan har bir kishi yurt ravnaqi yo‘lida mehnat qilmoqda. Eng muhimi, dunyo havas qilsa arziydigan tinch-osoyishta yurtimizda turli millat vakillari emin-erkin yashab, mehnat qilmoqda.  

Andijon davlat universiteti tarix fakulteti jahon tarixi kafedrasi dotsenti, O‘zbekiston Rus madaniyat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari o‘rinbosari Yekaterina Smesova ham yurtimizning fidoyi, faol fuqarolaridan biridir.  

Yekaterina Smesova malakali mutaxassis sifatida qariyb o‘ttiz yildan buyon Andijon davlat universitetida yoshlarga ta’lim berib keladi. Qolaversa, mehnatsevar, intiluvchan, jonkuyar inson sifatida rus xalqining madaniyati, tili, an’analari, urf-odatlarini asrab-avaylash, o‘zbek va rus xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.  

Keyingi yillarda Ye. Smesovaning sa’y-harakati bilan O‘zbekiston Rus madaniyat markazining Andijon viloyati filialining ma’naviyat, ma’rifiy va ilmiy sohadagi faoliyati sezilarli darajada oshdi. Ayniqsa, uning tashabbusi bilan “Rus tilini o‘qitish”, “Zamonaviy ko‘p millatli jamiyatni rivojlantirish tarixi va rivojlanish istiqbollari” mavzularida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanlar keng jamoatchilik tomonidan alohida e’tirof etildi. Bundan tashqari, filial qoshida tashkil etilgan "Tirik so‘z" adabiy va she’riy klubi, rus tili o‘qituvchilari uchun "Malakali o‘qitish maktabi" va mehnat faxriylari va pensionerlari uchun "Salomat bo‘ling” jamoatchilik uyushmasi faollari tomonidan olib borilayotgan ishlar e’tiborga molik.  

Joriy yilda viloyatda ilk bor “Maslenitsa” va “Navro‘z” bayramlari Andijon shahar miqyosida keng nishonlangani ham o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Ye. Smesova jamoat ishlarida ham hamisha faol.U Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi a’zosi, Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputati sifatida aholi muammolarini o‘rganish va ijobiy hal etishda ko‘plarga namuna bo‘lib keladi. Xususan, u o‘zining faolligi bilan partiya tomonidan o‘tkazilgan “Eng faol deputat” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida birinchi, respublika bosqichida esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.  

– Men O‘zbekistonda yashayotgan rus millati vakili sifatida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllanganligini alohida e’tirof etaman, – deydi Yekaterina Smesova. – Qolaversa, O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman. Chunki men shu yurtda tug‘ildim, o‘sdim, oilali bo‘ldim, Bugun farzandlarim bag‘rimda kamolga yetmoqda. Tinch-osoyishta yurtimizda emin-erkin yashashimiz, mehnat qilishimiz, millatimizning an’ana va urf-odatlarini davom ettirishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  

Yurtimizda millatidan qat’i nazar har bir insonning qadri, mehnati hamisha ulug‘lanadi, qadrlanadi. Jumladan, qahramonimiz ham turli yillarda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi”, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi”, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida” gi Farmoniga asosan Yekaterina Smesovaning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganligi ham uning samarali mehnatlariga berilgan  munosib baho bo‘ldi. 

– Kamtarona mehnatlarim e’tirof etilib, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganimdan behad mamnunman, – deydi Yekaterina Smesova. – Ushbu mukofot zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi. Kelgusi faoliyatimda menga ko‘rsatilgan e’tiborga munosib bo‘lishga, yurtimiz ravnaqi, millatlararo do‘stlikni mustahkamlash ishlarida yanada faol bo‘lishga harakat qilaman. Ishonamanki, O‘zbekistonimizda millatlararo do‘stlik hech qachon zavol topmaydi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA