AOKAda o‘tkazilgan brifingda «O‘zbektelekom» AK axborot xizmati rahbari Temur Mamajonovning ma’lum qilishicha, joriy yilning mart oyidan boshlab, mobil internet tezligi oshiriladi va butun mamlakat bo‘ylab 5G texnologiyasi joriy etiladi.
Shuningdek, mamlakat bo‘ylab 3 mingdan ortiq mavjud tayanch stansiyasi eng so‘nggi texnologiyalar bo‘yicha yangilanadi va 2 mingdan ortiq yangi tayanch stansiyasi qurilib, ishga tushiriladi.
Qator tayanch stansiyalarini 5G standartiga yangilash jarayoni loyihaning muhim bosqichi hisoblanadi.
Natijada, mobil aloqa abonentlari beshinchi avlod tezligida mobil internetdan bemalol foydalanishlari mumkin bo‘ladi. O‘zbekistonda birinchi marta flagman smartfonlar, jumladan, iPhone egalari 5G texnologiyasidagi mobil internetdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Uztelecom O‘zbekistonda mazkur qurilmalar foydalanuvchilariga beshinchi avlod aloqa imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beruvchi birinchi operator bo‘ladi.
Loyihaning birinchi bosqichida 5G tarmog‘i bilan Toshkent shahrini to‘laqonli qamrab olish, shuningdek, respublikamiz viloyat markazlari qisman qamrab olinishi ta’minlanadi. Ishlar yakuniga yetgach, respublika bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etishning keyingi bosqichlari tahlil qilinadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA