Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakatda ishlab chiqarish va xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, iste’molchi xavfsizligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mahsulot sifati va standartlar nazoratini kuchaytirish, ichki bozorni sifatsiz tovarlardan himoya qilish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan maishiy elektrotexnika jihozlarining shovqin darajasi va akustik xavfsizligini baholash tartibi joriy qilindi. Akustik sinovlar jihozlar foydalanuvchi uchun xavfsiz va qulay bo‘lishini, shuningdek nuqson va nosozliklarni erta aniqlashni ta’minlaydi.
Maishiy elektrotexnika jihozlari — sovutgichlar, kir yuvish va idish yuvish mashinalari, konditsionerlarning ortiqcha shovqini inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Doimiy fon shovqini stressni oshiradi, diqqat va uxlashni buzadi, bosh og‘rig‘i va qon bosimini ko‘tarishi mumkin. Ayniqsa, bolalar va qariyalar uchun shovqin rivojlanish, xotira va umumiy farovonlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hatto zamonaviy “sokin” texnika modellarining 40–50 dB shovqini ham uzoq muddatda noqulay akustik muhit yaratadi.
Bugun O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashabbusi bilan O‘zbekiston ilmiy sinov va sifat nazorati markazi qoshida elektrotexnika jihozlarining shovqin darajasi, ya’ni akustik parametrlarini aniqlashga ixtisoslashgan zamonaviy sinov laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘ldi.
Unda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov, Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Lyubomir Frebort va boshqalar ishtirok etdi.
– Mazkur laboratoriyani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad respublikada eksportga yo‘naltirilgan elektrotexnika mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, xalqaro standartlar talablariga muvofiq sinovlarni mahalliy sharoitda o‘tkazish imkoniyatini yaratish hamda ichki bozorni sifati kafolatlanmagan mahsulotlardan himoya qilishdan iborat, – deydi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov. – Laboratoriyada elektrotexnika jihozlarining shovqin darajasini aniqlash bo‘yicha 10 dan ortiq ISO va IEC xalqaro standartlari talablari o‘zlashtirildi. Umumiy qiymati 1,6 million yevroni tashkil etuvchi ushbu loyiha doirasida yuqori aniqlikka ega zamonaviy uskunalar xarid qilinib, amaliyotga joriy etildi. Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ushbu laboratoriyada 8 nafar malakali mutaxassis faoliyat yuritadi. Ular Yevropa mamlakatlarida malaka oshirgan va yiliga 1 500 dan ortiq sinovlar o‘tkazadi. Uskunalar eng zamonaviy va xalqaro standartlarga mos keladi.
Laboratoriyada asosan quyidagi uskunalar mavjud. REV - (Reverberation) kamera shovqin quvvatini reverberatsion muhitda aniqlaydi. SAC - (Semi-Anechoic) kamera erkin fazoga yaqin sharoitda shovqinni yuqori aniqlikda o‘lchaydi. SI - (Sound/Measurement System) mikrofonlar, kalibrator va dasturiy ta’minot orqali ma’lumotlarni yig‘ish va standart hisobot tayyorlashda foydalaniladi.
Laboratoriyada 10 dan ortiq ISO va IEC xalqaro standartlari qo‘llaniladi. Bu Markaziy Osiyoda birinchi laboratoriya bo‘lib, mamlakatda elektrotexnika jihozlarining akustik parametrlarini xalqaro standartlarga mos ravishda aniqlash imkonini beradi.
–Ushbu loyiha O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi sanoat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqdi, – deydi Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Lyubomir Frebort. — Avvalo, shuni alohida ta’kidlashni istardimki, mazkur laboratoriyaning tashkil etilishi Chexiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi sanoat-texnikaviy hamkorlikning muhim natijasi. Loyiha Chexiyaning «EXPORTA s.r.o.» kompaniyasi ishtirokida amalga oshirildi va u milliy muvofiqlikni baholash infratuzilmasini rivojlantirishda strategik ahamiyat kasb etadi. Bu laboratoriya nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ilk zamonaviy akustik sinov markazi hisoblanadi. U xalqaro ISO va IEC standartlari talablari asosida ishlaydi.
Bu esa O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning Yevropa va boshqa xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi. Chexiya Metrologiya instituti va Ostrava texnik universiteti loyihada ilmiy-amaliy hamkor sifatida qatnashdi. Shuningdek, laboratoriya uskunalarining asosiy qismi Daniyaning Brüel & Kjær kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, ular Yevropada e’tirof etilgan yuqori aniqlikdagi akustik o‘lchash vositalaridir.
Eng avvalo, bu loyiha eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlaydi. Akustik sinovlar mahsulot sifati va xavfsizligini xalqaro standartlar darajasida tasdiqlash imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozor eshiklarini ochadi. Shu bilan birga, ichki bozorni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish mexanizmi kuchayadi. Iste’molchi huquqlarini ta’minlash va xavfsizlik standartlariga rioya etish bugungi kunda juda muhim omil hisoblanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KFaw4zJUfhc" title="O`zbekistonda Markaziy Osiyodagi ilk akustik laboratoriya ochildi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, Hamroz Bayanov (video), O‘zA