Har qanday davlatning kelajagini ko‘z oldingizga keltirish uchun uning bugungi ta’lim tizimiga qarashning o‘zi kifoya. Chunki ta’lim – bu nafaqat bilim berish, balki yangi avlodni shakllantirish jarayonidir. Ziyolisi yuksak, pedagogi obro‘li, bolasi ilmli va milliy qadriyatlarga sadoqatli jamiyat har qanday qiyinchilikni yengib o‘ta oladi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda maktabgacha va maktab ta’limi sohasida izchil islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Yaqinda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi – ushbu islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, muammolarni aniqlash va eng muhimi, aniq yechimlar topishdagi muhim voqelik sifatida tarixga kirdi.
Bu yig‘ilishda ta’limning barcha pog‘onalari – bog‘chadan boshlab, maktab, texnikum, pedagog kadrlar, darslik sifati, raqamlashtirish, yoshlar tarbiyasi barcha-barchasi tahlil qilindi. Yig‘ilish, aslida, Prezidentning ta’lim sohasini umummilliy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanganini yana bir bor isbotladi. Ushbu yig‘ilish ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni zamonaviy, raqobatbardosh va milliy manfaatlarga moslashtirish sari yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur yig‘ilishda ta’lim tizimida bir qancha ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Jumladan, bu yil maktabgacha ta’limda o‘rinlar sonini 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingtasi yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri kelsa, qolgan 100 ming o‘rin eski bog‘chalarni ta’mirlash orqali hamda xususiy sektor ishtirokida tashkil etiladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Qashqadaryoning barcha tumanlarida xususiy sektor va chet ellik hamkorlar bilan ikki yil ichida bog‘cha hamda maktab o‘rni 3 barobar oshgan. Viloyat hokimlariga bu tajribani o‘rganish topshirildi.

Umuman, har bir tumanda bog‘cha qamrovi 80 foizdan kam bo‘lmasligi sharti belgilanib, viloyat va tuman hokimlari oldiga bo‘sh yerlarni topib, auksionga chiqarish, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda qaysi maktab va bog‘chada bo‘sh joy bo‘lsa, bog‘cha qurish rejasini belgilash vazifasi qo‘yildi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun yangi, zamonaviy binolar va qulay sharoitlarni yaratish albatta muhim va zarur qadamdir. Bino, infratuzilma va moddiy-texnik bazaning yangilanishi tarbiya jarayonini ancha osonlashtiradi, bolalarning xavfsizligi va dam olishi uchun sharoit yaratadi. Jurnalistik tahlil nuqtai nazaridan, bu faqat islohotning bir qismi, asosiy muvaffaqiyat esa bog‘cha xodimlarining salohiyatiga bog‘liq ekanini unutmaslik kerak.
Pedagogik salohiyat bu nafaqat bilim va malaka, balki mehr-muhabbat, mas’uliyat va doimiy o‘qishga intilishdir. Yangi bino va sharoitlardan foydalanish uchun xodimlarning zamonaviy pedagogik usullardan xabardorligi, bolalar bilan muloqot madaniyati, psixologik yondashuvlari hamda ularni rivojlantirish qobiliyati muhimdir.
Yangi o‘quv yilidan o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun 5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan bakalavr ta’lim shakli joriy qilinadi.
Kelgusi yildan joriy etiladigan ushbu ta’lim shakli orqali tarbiyachilarning bilim darajasi va pedagogik mahorati oshadi, ularning ilg‘or pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanishi ta’minlanadi. Demak, yangi binolar bilan birga xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish maktabgacha ta’lim sifati uchun asosiy omil bo‘ladi. Albatta, yangi bino, sharoit bilan birga bog‘cha xodimlarining salohiyati ham shunga yarasha yuqori bo‘lishi kerak. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yoz mavsumida 118 ming nafar tarbiyachining malakasi oshirilgan bo‘lib, davlat bog‘chalaridagi tarbiyachilarning 38 foizi, xususiylarda 24 foizi oliy ma’lumotli kadrlar ekanligi qayd etilgan. 5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan bakalavr ta’lim shaklini yo‘lga qo‘yish orqali esa bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming nafar oliy ma’lumotli mutaxassis kirib kelishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, kelasi yili har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilarining pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi. Ta’kidlash joizki, mazkur “Yangi avlod” bog‘chalari nafaqat bolalar uchun innovatsion ta’lim makoni, balki tarbiyachilarning pedagogik mahoratini oshirishda muhim rol o‘ynaydigan markazlar bo‘ladi. Bu bog‘chalar va pedagogik mahorat markazlari o‘rtasidagi uzviy integratsiya esa sohadagi sifatni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Mazkur bog‘chalar tarbiyachilar uchun zamonaviy o‘quv-uslubiy resurslar, metodik yordam va malaka oshirish imkoniyatlarini taqdim etadi. Bu bog‘chalarda amalga oshiriladigan amaliy mashg‘ulotlar, seminarlar va treninglar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda yangilashga qaratilgan.
Kelgusida “Yangi avlod” bog‘chalarining pedagogik mahorat markazlari bilan yaqin hamkorligi esa bu jarayonni yanada samarali qiladi: ular metodik yangiliklarni joylarda amalga oshirish, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash va muammolarni tezkor hal etish vazifasini bajaradi. Integratsiya orqali esa tarbiyachilar o‘z tajribalarini boshqalar bilan bo‘lishadi, yangi pedagogik usullar va texnologiyalarni sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa soha bo‘yicha ilg‘or amaliyotlarning tez va keng tarqalishiga olib keladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar nafaqat ta’lim sohasida, balki O‘zbekistonning butun taraqqiyot strategiyasida muhim burilish nuqtasidir. Ushbu vazifalar orqali davlat ta’limni shunchaki xizmat sifatida emas, balki millat rivojining g‘oyatda ta’sirli strategik vositasi sifatida ko‘rayotganini ko‘rsata oladi.
Shohista Pirmatova,
Qashqadaryo viloyati pedagogik mahorat markazi matbuot kotibi.
O‘zA