MHTI tahliliga ko‘ra, so‘nggi yetti yil ichida maktabgacha ta’lim sohasi yuqori darajada rivojlangan. Xususan, 2017 yilda faoliyat yuritgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5 186 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 38 058 taga yetgan, ya’ni 7 barobarga oshgan.
Shu bilan birga, mazkur muassasalardagi o‘rinlar soni ham 3,3 barobar ko‘payib, 2,4 million nafar bolani qamrab olish imkoniyatini yaratdi. 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ham jiddiy o‘sishga erishdi. Agar 2017 yilda bu ko‘rsatkich 25,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 76 foizga yetgan, bu esa 3 barobarlik o‘sish demakdir.
Pedagog xodimlar soni ham sezilarli darajada ortib, tahlil qilinayotgan davr mobaynida 2,7 barobarga ko‘paygan va hozirda 175 ming nafarga yetgan. Har bir pedagogga o‘rtacha 13,4 nafar bola to‘g‘ri kelmoqda. Ta’lim sifati ham xalqaro mezonlar asosida baholandi. Jumladan, 2023 yil 9 oktyabrdan boshlab ilk bor mamlakat bo‘ylab MELQO xalqaro baholash tizimi joriy etildi.
Natijalarga ko‘ra, ta’lim va tarbiya jarayonlari yuqori darajada ekani ma’lum bo‘ldi. Masalan, bolalarning erta matematika ko‘nikmalari o‘rtacha 94 foizni, katta va tayyorlov guruhlardagi bolalarning savodxonlik ko‘nikmalari esa 77 foizdan yuqori darajani tashkil etdi. Qolaversa, baholashda qatnashgan tashkilotlarning 90 foizi o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlangan.
2020 yilda “Finance Inquirer” nashri Markaziy Osiyo tadqiqot guruhi hamda YUNISEF, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish borasida dunyodagi eng yuqori o‘sish sur’atiga ega bo‘lgan 10 mamlakat qatorida birinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, Jahon bankining “Bolalarni erta rivojlantirish tizimini takomillashtirish” loyihasi doirasida mamlakatimizning 9 ta hududida maxsus jihozlangan 30 ta avtobus faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ko‘chma ta’lim vositalari yordamida imkoniyati cheklangan hududlarda 142 ta ko‘chma guruh tashkil etildi hamda 2 528 ta qo‘shimcha o‘rin yaratildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA