Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda laboratoriyalar xalqaro standartga moslashmoqda
11:36 / 2025-10-04

“O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DM tomonidan jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbir doirasida mamlakatimizda ISO/IEC 17025:2019 — “Sinov va kalibrlash laboratoriyalarining kompetentligiga qo‘yiladigan umumiy talablar” standartini joriy etish va baholash jarayonlari haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi.

Press-tur Toshkent shahrida joylashgan farmatsevtika mahsulotlarini tekshiruvdan o‘tkazuvchi “Tash-Lab-Agency” sinov laboratoriyasida tashkil etildi.  

Laboratoriya bugungi kunga qadar 188 ta sinov usuli bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan. Bu yerda dori vositalari tarkibidagi moddalar yuqori aniqlikda tahlil qilinadi. Zamonaviy yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi, gaz xromatografiyasi, atomik yutulish spektroskopiyasi va spektrofotometriya kabi ilg‘or texnologiyalar yordamida tadqiqotlar olib boriladi.

Akkreditatsiya markazi mutaxassislari ISO/IEC 17025 talablari asosida laboratoriya xodimlari malakasi, asbob-uskunalar holati, ish muhitining standartga muvofiqligi va hujjatlar yuritilishini sinchiklab baholashdi.

ISO/IEC 17025 nima uchun muhim?

ISO/IEC 17025 — dunyo bo‘ylab sinov va kalibrlash laboratoriyalari uchun asosiy “sifat pasporti” hisoblanadi. Bu standart laboratoriyalar ish jarayonining xalqaro talablarga javob berishini ta’minlaydi.

Farmatsevtika sohasida esa u alohida ahamiyatga ega. Chunki dorilarning sifati, xavfsizligi va samaradorligi aynan laboratoriya sinovlarining ishonchliligiga bog‘liq.

- ISO 17025 — bu nafaqat standart, balki mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xalqaro bozorda tan olinishiga yo‘l ochuvchi kalit, - deydi Akkreditatsiya markazi direktori o‘rinbosari Sh.Rahmonov. -  Ushbu akkreditatsiya orqali biz mahalliy laboratoriyalarimizni jahon darajasiga olib chiqishga intilayapmiz. Standartning asosiy afzalliklari shundaki, dori vositalari xavfsizligi to‘liq kafolatlanadi.  

Xalqaro e’tirof: ISO 17025 bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarning hisobotlari qo‘shimcha tekshiruvsiz xorijda ham tan olinadi.

Savdoni yengillashtirish: farmatsevtika mahsulotlari xalqaro bozorda erkin sotilishi mumkin. Raqobatbardoshlik: mahalliy laboratoriyalar jahon kompaniyalari bilan teng shartlarda ishlay oladi. Menejment samaradorligi: sifatni nazorat qilish tizimlari xavflarga asoslangan yondashuv asosida tashkil etiladi.

O‘zbekistonda 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyaga ko‘ra, barcha muhim sohalardagi sinov laboratoriyalari ISO/IEC 17025 standarti bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bu esa mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshiradi. Xalqaro hamkorlikni kengaytiradi. Aholiga taqdim etiladigan dori vositalari va mahsulotlar sifatini yanada ishonchli darajaga ko‘taradi.

ISO/IEC 17025:2019 standartini joriy etish — bu nafaqat farmatsevtika sanoati uchun, balki mamlakatning iqtisodiy va ilmiy taraqqiyoti uchun ham muhim qadam. Ushbu standartning amaliyotga kiritilishi O‘zbekistonni global bozorda ishonchli sherik sifatida tanitishga xizmat qiladi.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA