Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda kritik minerallar bo‘yicha xalqaro darajadagi muhandislar tayyorlanadi
16:31 / 2025-06-02

Bugungi kunda dunyoda eng ko‘p gapirilayotgan mavzulardan biri bu “kritik minerallar” mavzusi. Ular texnologik taraqqiyotning yuragiga aylanib, energiya saqlashdan sun’iy intellekt, elektrotransport va mudofaa tizimlarigacha bo‘lgan sohalarni harakatga keltirmoqda. Endilikda bu resurslarni chuqur anglaydigan, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan va xalqaro tajribaga ega kadrlar tayyorlash dolzarb vazifaga aylandi.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) ana shunday yondashuv asosida mamlakat tarixida ilk bor Texnologik metallar oliy maktabini tashkil etdi. Bugungi kunda muhandislik endi faqat formulalar emas, balki dunyoni o‘zgartirish vositasi, geologiya faqat qazish emas, balki strategik fikrlash san’ati, ilm esa qog‘ozda emas, real sanoat markazlarida hayot topmoqda. Oliy maktabda ta’lim ana shunday zamonaviy qarashlar asosida olib boriladi. 

Oliy maktabning bakalavriat dasturida ta’lim jarayonlari Italiyaning mashhur Piza universiteti bilan hamkorlikda olib boriladi. Muhimi, o‘qish ingliz tilida, darslar esa nafaqat auditoriyada, balki TMKning real ishlab chiqarish korxonalarida bo‘ladi. Eng qizig‘i, talabalar to‘rtinchi bosqichda Italiyaga borib, o‘sha yerda ilm olishadi. Ya’ni, talabalar bugun laboratoriyada mis kristallari haqida bilsa, ertaga ularni zavodda eritib, keyin ularning sanoatdagi yo‘lini amalda ko‘rish imkoniga ega bo‘lishadi. 

Oliy maktabning yana bir maqsadi kritik minerallar yo‘nalishidagi magistratura dasturidir. Xitoyning Geofanlar universiteti bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilgan bu loyiha xalqaro darajada geologiya, izlanish va razvedka sohalarida mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan. Ta’limning ikkinchi bosqichida magistrlar Xitoyda o‘qishni davom ettirishadi. O‘qish jarayoni ingliz tilida olib boriladi, natijada bitiruvchilar ikki davlat diplomiga ega bo‘ladi. 

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tomonidan bakalavr bosqichi uchun 25 ta grant, magistratura bosqichi uchun 10 ta grant ajratilgan. Oliy maktabni bitirgach esa talabalar TMK tomonidan to‘liq ish bilan ta’minlanadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA