Bugun O‘zbekistonda kreditsiz insonni topish deyarli imkonsiz. Avtomobil kerakmi — kredit bor. Pul yetishmayaptimi — kredit. Telefon yoki maishiy texnika xarid qilmoqchimisiz — muddatli to‘lov xizmatingizda. Qisqasi, kredit bugun tanlov emas, balki ko‘pchilik uchun majburiy ehtiyojga aylandi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda aholining banklar oldidagi jami qarzi qariyb 595 trillion so‘mni tashkil etgan. Ammo asosiy muammo qarz hajmida emas, balki kredit foizlarining yuqoriligida.
Hozirda tijorat banklarida kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 23–24 foiz atrofida. Ayrim banklarda bu ko‘rsatkich 49 foizgacha, kredit kartalari bo‘yicha esa 74,9 foizgacha yetishi mumkin.
Nega O‘zbekistonda kredit foizlari yuqori? Bu savolga javob topish uchun Bank-moliya akademiyasi katta o‘qituvchisi, iqtisodchi-ekspert Hamid Rahmatov bilan suhbatlashdik.
— Nima uchun O‘zbekistonda kredit foiz stavkalari yuqori?
— The Global Economy tomonidan to‘plangan statistika asosida O‘zbekiston 83 ta mamlakat orasida kredit foizlari yuqoriligi bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinda, Osiyoda esa 1-o‘rinda turadi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki 9 oyida tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 24,5 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichga imtiyozli va mikrokreditlar kiritilmagan.
Ayni paytda aholi eng ko‘p foydalanadigan mikrokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari yanada yuqori. Davlat banklarida bunday kreditlar o‘rtacha 30–35 foiz, onlayn kredit beruvchi raqamli banklarda esa 49 foizgacha yetishi mumkin. Amalda ko‘plab kreditlar 40–49 foiz oralig‘ida berilyapti.
Kreditlarning qimmatligi bir qator fundamental iqtisodiy, siyosiy va huquqiy omillar bilan bog‘liq:
Yuqori inflyatsiya — banklar kelajakda pul qadrsizlanish xavfini hisobga olib, foiz stavkalarini oshiradi.
Qimmat moliyaviy resurslar — O‘zbekistonning xalqaro kredit reytingi nisbatan past bo‘lgani sababli banklar tashqi mablag‘larni yuqori foizlar evaziga jalb qiladi. Bu esa kreditlar narxiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi.
Yuqori risk darajasi — kredit to‘lovlarining kechikishi, aholining real to‘lov qobiliyati haqida to‘liq axborot mavjud emasligi banklar uchun xavfni oshiradi va bu foiz stavkalarida aks etadi.
Ushbu muammolar hal etilmas ekan, kreditlar arzonlashishi qiyin. Buning uchun inflyatsiyani pasaytirish, bank tizimida raqobatni kuchaytirish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish muhim ahamiyatga ega.
— Sizning kreditga munosabatingiz qanday?
– Mening kreditga munosabatim ehtiyotkor va tanqidiy yondashuvga asoslanadi. Amalda men kredit xizmatlaridan foydalanmayman va qarz majburiyatlarini o‘z zimmamga olmaslikni afzal ko‘raman. Bu qaror moliyaviy imkoniyat yo‘qligi bilan emas, balki kreditlash amaliyotining salbiy oqibatlarini ongli ravishda tahlil qilish natijasida shakllangan.
Avvalo, yuqori foiz stavkalari qarz oluvchi uchun uzoq muddatli moliyaviy yukni yuzaga keltiradi. Foiz to‘lovlari real daromadning salmoqli qismini egallab, jamg‘arma shakllantirish imkoniyatlarini cheklaydi va moliyaviy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, noaniq iqtisodiy sharoitlarda kredit majburiyatlari jiddiy xavf-xatarlarni keltirib chiqaradi. Daromad barqaror emasligi yoki inflyatsiyaning yuqoriligi qarzlarni o‘z vaqtida qaytarish imkoniyatini pasaytiradi va qarzdorlik yukining oshib borishiga olib keladi.
Uchinchidan, kreditga ortiqcha tayanish iste’mol madaniyatining nomutanosib shakllanishiga sabab bo‘ladi. Qarz hisobidan qilingan iste’mol real qiymat yaratmasdan, kelajakdagi daromadlarni oldindan sarflashni anglatadi.
Shu bois, men moliyaviy faoliyatda asosan o‘z mablag‘larim hisobidan harakat qilishni, daromad va xarajat o‘rtasida muvozanatni saqlashni hamda jamg‘arma va investitsiyaga asoslangan yondashuvni eng maqbul strategiya deb bilaman.
— Kredit butun dunyoda keng qo‘llaniladi. Chet el tajribasidan nimalarni o‘rganish mumkin?
– Kredit munosabatlari jahon iqtisodiyotining ajralmas qismi hisoblanadi. Biroq kredit ajratish shartlari mamlakatdan mamlakatga sezilarli darajada farq qiladi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, kredit tizimini aholi uchun qulay qilishda institutsional, huquqiy va texnologik omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Rivojlangan mamlakatlarda qarz oluvchining to‘lov qobiliyati shaffof kredit skoring tizimlari orqali baholanadi. AQSH va Yevropa davlatlarida ushbu tizim bank va mijoz uchun birdek tushunarli bo‘lib, sub’ektiv qarorlarni kamaytiradi. O‘zbekiston uchun ham kredit-skoringni takomillashtirish va uning ishlash tamoyillarini aholiga ochiq tushuntirish muhim.
Shuningdek, past inflyatsiya va sog‘lom raqobat muhiti foiz stavkalarini pasaytirishda asosiy omil hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlarda makroiqtisodiy barqarorlik kredit resurslarini arzonlashtirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston uchun bu borada inflyatsiyani izchil pasaytirish va banklar o‘rtasida raqobatni kuchaytirish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, rivojlangan mamlakatlarda qarz oluvchilarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, Yevropa Ittifoqida “Iste’molchi krediti to‘g‘risida”gi direktivalarga muvofiq, kredit oluvchiga barcha to‘lovlar, yashirin komissiyalar hamda haqiqiy foiz stavkasi (APR) to‘liq va ochiq shaklda taqdim etilishi shart. O‘zbekistonda ham kredit shartnomalarini til va mazmun jihatidan aholi uchun yanada sodda va tushunarli qilish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Xalqaro amaliyotda raqamli bankchilik va fintex yechimlarining joriy etilishi kreditga kirish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi. Janubiy Koreya, Singapur va Estoniya kabi mamlakatlarda onlayn identifikatsiya, elektron shartnomalar va masofaviy kredit ajratish tizimlari orqali vaqt va xarajatlar qisqartirilgan. O‘zbekiston uchun ham kredit jarayonlarini raqamlashtirish va byurokratik to‘siqlarni kamaytirish muhim ahamiyatga ega.
Ayrim davlatlarda islomiy moliya instrumentlaridan foydalanish aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda. Malayziya, Indoneziya va Birlashgan Arab Amirliklari tajribasi foizga asoslanmagan moliyalashtirish shakllari — murobaha, ijara va mushorakaning aholi uchun nisbatan maqbul ekanini ko‘rsatadi. O‘zbekiston sharoitida ham islomiy moliya institutlarini rivojlantirish kredit xizmatlarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda kredit tizimini aholi uchun yanada qulay qilishda xorijiy tajribadan quyidagi yo‘nalishlarda foydalanish mumkin: shaffof kredit baholash tizimlarini joriy etish, inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan barqaror makroiqtisodiy siyosat olib borish, iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish, raqamli bankchilikni rivojlantirish hamda islomiy moliya instrumentlarini joriy etish. Bu chora-tadbirlar kredit xizmatlarining barqaror va ijtimoiy jihatdan mas’ul bo‘lishini ta’minlaydi.
—O‘zbekiston kredit bozoridagi hozirgi vaziyat va kredit siyosatini qanday baholaysiz?
– O‘zbekistonda iste’mol kreditlari bozorining so‘nggi yillarda jadal sur’atlarda kengayib borayotgani moliya tizimidagi muhim tendensiyaga aylandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda aholiga ajratilgan iste’mol kreditlari hajmi 40,14 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 18,54 trillion so‘m darajasida qayd etildi. Bu kredit bozorida faollik yuqori ekanini, bir vaqtning o‘zida esa tartibga solish va ehtiyotkorlik siyosati kuchaytirilganini ko‘rsatadi.
Amalda maosh olib ishlaydigan aholining katta qismi kredit majburiyatlariga ega. Banklar uchun ish haqi karta orqali olinadigan mijozlar eng jozibador segment hisoblanadi, chunki oylik to‘lovlarni avtomatik ushlab qolish mexanizmi qarz qaytmasligi xavfini kamaytiradi. Shu bois iste’mol kreditlarining asosiy qismi aynan shu toifaga to‘g‘ri kelmoqda.
Biroq ushbu jarayonni faqat ijobiy baholash to‘g‘ri emas. Birinchidan, iste’mol kreditlari o‘sishi aholining real daromadlari o‘sishidan ustun kelsa, ortiqcha qarzlanish xavfi yuzaga keladi. Daromadning katta qismi kredit to‘lovlariga yo‘naltirilishi moliyaviy erkinlikni cheklab, umumiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ikkinchidan, kredit bozorida foiz stavkalari hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Natijada iste’mol kreditlari qisqa muddatda turmush darajasini qo‘llab-quvvatlayotgandek tuyulsa-da, uzoq muddatda “kelajak daromadlarini oldindan sarflash” mexanizmiga aylanib qolish xavfini kuchaytiradi.
Uchinchidan, amaldagi kredit siyosati asosan iste’molni rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, investitsiya va ishlab chiqarishni moliyalashtirish ikkinchi darajada qolmoqda. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, iste’mol kreditlari ulushining haddan tashqari oshishi iqtisodiy o‘sishni real qiymat yaratish emas, sun’iy talab hisobiga ta’minlaydi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistondagi hozirgi kredit siyosatini ehtiyotkor, biroq qayta muvozanat talab etuvchi deb baholash mumkin. Kreditlashni yanada mas’uliyatli qilish, qarz yukini baholash mexanizmlarini kuchaytirish, moliyaviy savodxonlikni oshirish va kreditlarni real daromadlar o‘sishi bilan uyg‘unlashtirish zarur.
Achchiq bo‘lsa-da, tan olish kerak: kredit ajratishda kafil talab qilinishi bank va mijoz o‘rtasida to‘liq institutsional ishonch shakllanmaganini ko‘rsatadi. Zamonaviy sharoitda esa fuqaroning raqamli “moliyaviy pasporti” asosida to‘lov qobiliyatini baholash imkoni mavjud. Bunday tizim fuqaroning daromadlari, kredit tarixi, soliq va kommunal to‘lovlar intizomi kabi ma’lumotlarni qamrab oladi va kafilsiz, ob’ektiv baholash imkonini beradi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, raqamli baholash tizimlari rivojlangan sari kafil instituti asta-sekin o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. O‘zbekiston sharoitida ham davlat idoralari va moliya institutlari o‘rtasida ma’lumotlar integratsiyasi ta’minlansa, bunday yondashuvni joriy etish mumkin. Bu banklar uchun risklarni aniq boshqarish, fuqarolar uchun esa kreditga kirishni soddalashtirish va moliyaviy qadr-qimmatni saqlash imkonini beradi.
— Dunyo mamlakatlarida kredit foizlari qancha?
— 2024-25-yillarda kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari quyidagicha edi: Shveysariya – 2,86 foiz, Isroil – 2,96foiz, AQSH – 3,28 foizni tashkil etmoqda.
Trading Economics ma’lumotlariga ko‘ra, Peru dunyodagi eng arzon kreditlarni atigi 0,8 foiz bilan taklif qiladi. Yaponiyada bu stavka 1,7 foiz, Daniyada esa 3,25 foizni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, Peruda qarz olish O‘zbekistonga qaraganda 30 baravar arzon.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VISy-f8dMbw" title="O‘zbekistonda kredit foizlari nima uchun yuqori?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Doniyor Yakubov (video), O‘zA