French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ommaviy emlash boshlandi
09:56 / 2021-04-01

Bugun — 1 apreldan bir yildan ortiq vaqt mobaynida yurtdoshlarimizga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlariga start berildi.

Avvalroq yurtimiz bo‘ylab vaksinatsiya jarayonlarida ZF-UZ-VAC2001 — o‘zbek-xitoy vaksinasi va Yevropaning AstraZeneca vaksinasidan foydalanishga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida xabar bergan edik.

Aprel oyi davomida Toshkent va Nukus shahri hamda viloyatlar markazlaridagi 219 ta emlash punktida bir oyda 142,3 ming emlash o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi navbatda, 65 yoshdan kattalar va koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan tibbiyot xodimlarini emlash ko‘zda tutilgan.  

Bundan tashqari, surunkali kasalliklari bor aholi vakillari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ham birinchi navbatda emlash rejalashtirilgan.

Buning uchun mamlakat bo‘ylab 3 ming 138 ta emlash punkti va 862 ta harakatdagi tibbiy brigada shay holatga keltirildi. Hududlarga vaksinalarni tashish uchun COVAX dasturi doirasida 17 ta avtorefrijerator, 206 ta yuk tashuvchi miniven va 16 ta yengil avtotransport vositasi keltirildi.  

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, emlash jarayonlari uchun 4 ming nafardan ortiq shifokor va 11 ming nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimi jalb qilingan.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA