Mamlakatimizda koronavirusni zararsizlantiradigan noyob mahsulot – immun suti sotuvga chiqarildi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida faoliyat yurituvchi “PanaevFarms” SARS-CoV-2ni zararsizlantirish xususiyatiga ega bo‘lgan immun suti va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishni yo‘lga qo‘ydi, deyiladi xabarda.
Koronavirusga qarshi immunitetli sut olish loyihasi ustida ish 2021 yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi va Vena tibbiyot universiteti tomonidan boshlangan edi.
Tajriba tariqasida “PanaevFarms” tomonidan Avstriya va Germaniyadan keltirilgan nasldor sigirlar va golshteyn sigirlari O‘zbekiston – Xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3 dozasi bilan emlandi.
2022 yilda ZF-UZ-VAC2001 rekombinant vaksinasi bilan emlangan sigirlarning immun sutidan olingan tahlil natijalari ikkinchi dozadan ikki hafta o‘tib neytrallashtiruvchi antikorlar ishlab chiqilganligini ko‘rsatdi.
Shu tariqa 2022 yil oktyabr oyidan “PanaevFarms” “Immune Milk” savdo belgisi ostida pasterizatsiyalangan sutni kichik hajmda ishlab chiqarish texnologik liniyalarini sinovdan o‘tkazish boshlandi.
Nufuzli “Frontiers in Nutrition” ilmiy jurnalida koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetli sutning yangi avlodi natijalari haqidagi ilmiy maqola chop etildi.
Mutaxassislarning fikricha, yangi ishlab chiqarilayotgan ushbu mahsulot JSST dunyoda “Eris” omikron shtammining yangi varianti tez tarqalishini e’lon qilgan kontekstda, ayniqsa, muhimdir.
O‘zA