Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda ko‘p asrlik pichoq yasash an’anasi saqlanib qolgan
21:50 / 2023-12-11

“Anadolu” axborot agentligi saytida e’lon qilingan maqolada qayd etilishicha, o‘zbek madaniyatida muhim o‘rin tutgan milliy pichoq yasash an’anasi asrlar davomida saqlanib, avloddan avlodga o‘tib kelmoqda.

– O‘zbek hunarmandlari qo‘lda ishlaydigan haqiqiy o‘zbek pichog‘i san’at asariga o‘xshaydi, – deb yozgan muallif. – Samarqand va Buxoroda, Farg‘ona vodiysining Chust, Shahrixon shaharlarida ishlab chiqarilgan qo‘lda yasalgan pichoqlar respublikadan tashqarida ham ma’lum va mashhur.

Pichoq tayyorlash ko‘nikmasi, odatda, otadan o‘g‘ilga o‘tadi. Garchi milliy pichoq ishlab chiqarish mamlakatimizning barcha hududlarida ham keng tarqalmagan bo‘lsa-da, qo‘lda yasalgan pichoq har bir o‘zbek xonadonining ajralmas buyumi hisoblanadi.

Maqolada pichoq bilan bog‘liq o‘zbek an’anasi haqida ham so‘z borgan:

– O‘zbeklar alohida e’tibor qaratadigan pichoq o‘tmishda oshxona anjomigina emas, balki erkak kishi uchun zarur ish quroli yoki va bezak vazifasini ham o‘tagan. El orasida xonada yolg‘iz uxlayotgan bolaning yostig‘i ostiga pichoq qo‘yish, go‘yoki, uni yomonlikdan saqlaydi, degan fikr bor.

Shuningdek, ilgari o‘zbek erkaklarida belbog‘iga charm g‘ilofda, qo‘lda yasalgan pichoq ilib yurish odat tusiga kirgan. Keyingi yillarda bu urf asta-sekin unutilayotgani qayd etilgan. Baribir, o‘zbeklarning pichoqqa qiziqishi kamaymagan: ilgari pichoq erkak kamarini bezagan bo‘lsa, endi uy devorida qo‘r to‘kib turibdi.

– O‘zbekiston bozorlarida an’anaviy naqshli, qo‘lda ishlangan pichoqlar sotiladigan maxsus joylar mavjud, – deb yozadi muallif. – Pichoqni, odatda, ishlab chiqaruvchining o‘zi sotadi. U mijoz ehtiyojiga qarab, pichoq tanlashda yordam ham beradi.

G.Sattorova, O‘zA