Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda konstitutsiyaviy qonuniylik qanday ta’minlanmoqda?
16:43 / 2025-12-30

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Konstitutsiyaviy sudning 2025 yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqildi.

Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov Bosh qomusimizdagi norma va prinsiplarni hayotga tatbiq etish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Jamiyat va davlatni Konstitutsiyaga muvofiq, huquqiy modernizatsiya qilish, mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ishlar 2025 yilda faol davom ettirildi.  

Asosiy qonunni amalga oshirish bo‘yicha 20 ta yo‘nalishda olib borilgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, sud organlari faoliyati yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yildi. Tergov sudyalari faoliyati qonuniy asoslari yaratildi. Vakillik organlarining maqomi mustahkamlandi.  

Fuqarolik jamiyati institutlari uchun shart-sharoitlar yaxshilandi.  

Fuqarolarning O‘zbekiston bo‘ylab erkin harakatlanish, ta’lim olish, mehnat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlandi. Davlat xizmatiga kirishda teng huquqlilik haqidagi normani samarali amalga oshirishga qaratilgan zamonaviy standartlar joriy etildi.

Ayrim ma’muriy jazo choralari qayta ko‘rib chiqildi, ba’zi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilindi, ma’muriy ish yurituvi amaliyotiga xususiy ayblov instituti joriy etildi. Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi joriy etildi.  

[gallery-26961]

Dunyoviy davlat konstitutsiyaviy prinsipini ro‘yobga chiqarish va vijdon erkinligi kafolatlarini ta’minlash choralari ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlanib, unda belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha parlament komissiyasi tuzildi.  

Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar belgilandi. Bozor munosabatlarini rivojlantirish, tadbirkorlik erkinligini kafolatlash, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashga qaratilgan tartib-taomillar joriy etildi. “Yashil iqtisodiyot” tamoyillari hayotga keng tatbiq qilindi.  

Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining huquqlari himoyasi kuchaytirildi. Yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, ta’lim olish, ishga joylashishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Konstitutsiyaviy sud tomonidan 2025 yilda konstitutsiyaviy nazorat tartibida 81 qonun va 386 normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi o‘rganildi.  

Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy qonunni amalga oshirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi. Xususan, majburiyatlar ixtiyoriy bajarilishini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, fuqarolarga berilayotgan imtiyozlarni bosqichma-bosqich proaktiv shaklga o‘tkazish, tijorat banklari tomonidan bank xizmatlarini ko‘rsatishda iste’molchilar huquqlariga to‘liq rioya etish va moliyaviy ochiqlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida davlat organlari tomonidan xizmat ko‘rsatish va aholi bilan muloqotning boshqa shakllarini tartibga soluvchi barcha hujjatlar va jarayonlarni korrupsiya va byurokratiyaga qarshi standartlarga muvofiqligi nuqtai nazardan baholashdan o‘tkazish maqsadga muvofiq.  

To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish amaliyotini jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi. Inson huquqlarini cheklovchi normalari mavjud bo‘lgan qonun va qonunosti hujjatlar bo‘yicha jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish maqsadida loyiha Adliya vazirligidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish vaqtida unda inson huquqlarini cheklovchi normalar mavjudligi haqida vazirlik xulosasida alohida ko‘rsatib o‘tish kerakligi aytildi.

Konstitutsiyani o‘qib-o‘rganish bo‘yicha Milliy faoliyat dasturi ijrosini tahlil qilish, bu borada maqsadli ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish lozim. Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib, barcha majburiy to‘lovlarni o‘zida jamlagan yagona qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish kerak.  

Tizimlashgan hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha boshlangan tashabbuslarni jadallashtirish zarur. Konstitutsiyaga muvofiq davlat o‘z zimmasiga olgan ijtimoiy va boshqa majburiyatlar bajarilishi holati ustidan parlament nazoratini o‘rnatishi, ayblanuvchi, gumon qilinuvchi va himoyachi jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror bilan tanishish va undan nusxa olish huquqini ham alohida belgilash hamda o‘z hisobidan nusxa olish uchun zarur sharoit yaratib berish joiz.  

Qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan voyaga yetmaganlarning uzluksiz umumiy o‘rta ta’lim olishini ta’minlash imkonini yaratish maqsadga muvofiq. Mutanosiblik konstitutsiyaviy prinsipidan kelib chiqib, ma’muriy qamoq jazosini qo‘llashning adolat va insonparvarlik tamoyillariga muvofiq bo‘lgan aniq mezonlarini ishlab chiqish, sun’iy intellektga asoslangan raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi qonun hujjatini ishlab chiqish, shaxsiy hayotning daxlsizligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq kafolatlarini yaratish maqsadida barcha davlat organlari faoliyatini shaxsiy hayot daxlsizligi nuqtai nazaridan audit (“privacy audit”)dan o‘tkazish bugungi kun talabi ekani alohida ta’kidlandi.  

Oliy Majlis, Hukumat, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ombudsman va Bolalar ombudsmani, Adliya vazirligi, NNT, ta’lim va ilmiy tashkilotlar vakillari hamda Konstitutsiyaviy sud ilmiy-maslahat kengashi a’zolari ishtirok etgan majlisda muhokama qilingan masala har tomonlama o‘rganib chiqilib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalari hisobga olinib, mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotni tasdiqlash hamda uni Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA