O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ttiz uch yilligi «Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!» degan bosh g‘oya asosida yuksak saviyada nishonlanmoqda.
Konstitutsiya kuni bayrami munosabati bilan Adliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent shahrining «Sayilgoh» ko‘chasida “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi.

Tadbir doirasida fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, Konstitutsiyada belgilangan asosiy qoidalar mazmun-mohiyatini keng tushuntirish maqsadida turli interaktiv maydonchalar, xususan, tegishli davlat tashkilotlari tomonidan “Konstitutsiya burchaklari” tashkil etildi.
Talabalar tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar, fleshmoblar, harbiylarning jang san’atiga oid ko‘rgazmali chiqishlari, huquqiy ma’ruzalar va so‘z ustalari ishtirokidagi dasturlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
***
Adliya vazirligida Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.

Unda vazirlik rahbariyati, adliya organi va muassasalarining rahbarlari hamda markaziy apparat xodimlari ishtirok etdi.

Konstitutsiya qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan adliya sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar e’tirof etildi. Ular adliya vaziri buyrug‘i bilan ta’sis etilgan “Adliya a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
N.Abdurimova, O‘zA