O‘zbekistonda 8 milliondan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektlari mavjud bo‘lib, ular haqidagi ma’lumotlar uzoq yillar davomida turli shakl va tizimlarda alohida yuritib kelingan. Hozirda ushbu ma’lumotlarni yagona axborot tizimida birlashtirish ishlari izchil davom etmoqda.
Loyiha doirasida asosiy maqsad – mavjud ma’lumotlar bazasidagi xatolik va kamchiliklarni bartaraf etish, aholi hamda davlat idoralari uchun ishonchli, qulay va zamonaviy xizmat ko‘rsatuvchi yagona platforma yaratishdan iborat.
Ahamiyatlisi, avvalgi tizimlarda ma’lumotlar asosan soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (INN) orqali yuritilgan bo‘lsa, yangi yagona tizimda ma’lumotlar shaxsiy identifikatsion raqam (JSHSHIR/PNFL) bilan bog‘lanadi. Bu jarayon inson omilisiz avtomatik amalga oshirilayotgani sababli, ayrim holatlarda fuqarolarga tegishli bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari ularning nomiga birikib qolishi mumkin.
Mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 937-son qonuni asosida mamlakat bo‘ylab yalpi xatlov ishlari olib borilmoqda. Ma’lumotlar to‘liq holda UzKAD axborot tizimiga ko‘chirilishi jarayonida begona ko‘chmas mulklarning noto‘g‘ri biriktirilishi yoki boshqa xatolar bosqichma-bosqich yo‘qotib borilmoqda.
Kadastr agentligi bu jarayonda aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida 1097 qisqa raqamiga qo‘shimcha malakali xodimlarni jalb etgan bo‘lib, murojaatlar qisqa vaqtda ijobiy hal etilishi ta’minlanmoqda.
Fuqarolar uchun muhim tavsiyalar
Agar sizda yoki yaqinlaringizda ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlarda xatolik kuzatilgan bo‘lsa, quyidagi imkoniyatlardan foydalanib, tezda murojaat qilishingiz mumkin:
1097 qisqa raqami orqali Kadastr agentligiga qo‘ng‘iroq qilish;
@Dkpuz_bot telegram boti orqali onlayn murojaat yo‘llash;
my.gov.uz , davreestr.uz yoki open.ngis.uz saytlarida avtorizatsiyadan o‘tgan holda “Mening mulkim” bo‘limiga kirib ma’lumotlarni shaxsan tekshirish.
Shuningdek, aniqlangan har qanday xatolik bepul va qisqa fursatda bartaraf etilishi ma’lum qilindi.
O‘zA