So‘nggi yillarda raqamli jarayonlar ortidan axborot texnologiyalari hayotimizning ajralmas qismiga aylangan bir paytda, kiberxavfsizlik masalasi milliy xavfsizlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Ayniqsa, bu masala nafaqat texnik, balki strategik muammo darajasiga ko‘tarildi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, "Kiberxavfsizlik markazi" DUK hamda "Agrobank" ATB hamkorligida o‘tkazilgan qo‘shma tadbir kiberxavfsizlikni ta’minlash borasida yangi bosqichni boshlab berdi. Kiberjinoyatlar sonining yil sayin ortib borayotgani butun dunyoda kuzatilayotgan holat. O‘zbekistonda ham bu kabi muammolar ro‘y berishi istisno emas.

Ichki ishlar vazirligi vakilining ta’kidlashicha, ayni paytda eng keng tarqalgan jinoyatlar qatoriga fishing, ijtimoiy tarmoqlar orqali firibgarlik va bank tizimlariga noqonuniy kirish holatlari kiradi. Eng xavotirli jihati ko‘plab fuqarolarimiz bu aldovlarga ishonib qolayotganidir. Jinoyatchilar o‘zlarini bank xodimi sifatida tanishtirib, foydalanuvchilardan SMS-kod, shaxsiy ma’lumotlar, hattoki onlayn bank ilovalari orqali ruxsatlar so‘rab, jiddiy moliyaviy zarar yetkazmoqda.

“Agrobank” ATB tomonidan e’tirof etilganidek, kiberxavfsizlik faqat texnik vositalar bilan emas, balki aholini xabardor qilish, mijozlarni raqamli savodxonlik bilan ta’minlash orqali kuchaytirilishi mumkin. Shu maqsadda bank tomonidan bir necha loyihalarni taqdim etdi.

Jumladan, ichki monitoring tizimlarini rivojlantirish, ko‘p faktorli autentifikatsiyani joriy etish, Axborot xavfsizligi hodisalariga javob berish markazini (SOC) yaratish, mijozlarning raqamli savodxonligini oshirish shular jumlasidandir. Bu tashabbuslar orqali “Agrobank” ATB tizimi nafaqat texnik jihatdan xavfsiz tizim yaratmoqchi, balki mijozlarni ham faol himoya qiluvchi ishtirokchiga aylantirishni ko‘zlamoqda.

Tadbir yakunida ATB “Agrobank” va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatda kiberjinoyatlarni aniqlash, oldini olish va ularga chek qo‘yish bo‘yicha birgalikdagi harakatlar, shuningdek, kibertahdidlar sohasida axborot-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish va tahliliy ma’lumotlar almashish ko‘zda tutilgan. Bu memorandum orqali O‘zbekistonda bank tizimi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida ijtimoiy hamkorlikning yangi bosqichi shakllanmoqda.