O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kibersport, dron va robot texnologiyalari yo‘nalishidagi sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Qurolli kuchlarda kibersport, dron va robot texnologiyalari yo‘nalishidagi zamonaviy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishning asosiy maqsadlari belgilandi. Ular quyidagilardan iborat:
a) kibersport, dron va robot texnologiyalari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish orqali yuqori darajali tahliliy, texnik va strategik fikrlash qobiliyatiga ega harbiy xizmatchilarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini kompleks baholash hamda maqsadli tayyorlash va rivojlantirish tizimini yaratish;
b) axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, dronlarni boshqarish, robototexnika va harbiylashgan raqamli tizimlar uchun istiqbolli harbiy xizmatchilarni saralash, elektron axborot tizimlari yordamida ularning hisobni yuritish va bosqichma-bosqich tayyorlash orqali strategik ahamiyatga ega kadrlar zaxirasini shakllantirish;
v) iqtidorli ishtirokchilarning individual qobiliyatlari va ixtisoslashuvi asosida ularni professional kibersport, harbiy-texnik bo‘linmalar, IT va harbiylashgan raqamli tizimlar bilan bog‘liq lavozimlarga maqsadli yo‘naltirishni tashkil etish;
g) harbiy xizmatni zamonaviy texnologiyalar, innovatsion faoliyat va raqamli kompetensiyalar bilan uyg‘unlashtirish orqali yoshlar uchun jozibador, nufuzli va intellektual rivojlanish imkoniyatiga ega kasb sifatida shakllantirish;
d) raqamli tahdidlarni to‘g‘ri anglaydigan, zamonaviy texnologiyalarni samarali boshqara oladigan va innovatsion yechimlar ishlab chiqishga qodir harbiy mutaxassislar tarkibini shakllantirish orqali mudofaa qobiliyatining texnologik barqarorligini mustahkamlash;
j) kibersport-intellektual sport turi, dron va robot texnologiyalarini harbiy-amaliy innovatsion yo‘nalish sifatida amalga oshirish.
Qarorga ko‘ra O‘zbekistonda kibersport, dron va robot texnologiyalari yo‘nalishidagi zamonaviy sport turlari bo‘yicha musobaqa tashkil etiladi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda kibersport, dron va robot texnologiyalari yo‘nalishidagi sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.
O‘zA