French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” boshlandi
18:07 / 2025-11-04

Bugungi kunda O‘zbekistonda kiberjinoyatlarning 98 foizi bank kartalari bilan bog‘liq bo‘lib, ularning aksariyati firibgarlik yoki o‘g‘rilik ko‘rinishida sodir etilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, bu jinoyatlarning 60 foizi zararli havolalar va dasturlar orqali mobil qurilmalar yoki bank kartalari boshqaruvini egallash, 16 foizi SMS-kodlarni qo‘lga kiritish orqali akkauntlarni boshqarish, 11 foizi onlayn savdo platformalaridagi firibgarliklarga, 9 foizi esa turli moliyaviy aldov sxemalariga to‘g‘ri keladi.

Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Tadbirda Kiberxavfsizlik markazi xodimlari, Markaziy bank va Toshkent shahar IIBB rahbariyati, qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Anjumanda mamlakatda kiberxavfsizlikni ta’minlash, aholining raqamli savodxonligini oshirish va internet firibgarliklariga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, internetdan foydalanish imkoniyatlari kengaygani sayin kiberjinoyatlar soni ham oshib borayotgani ta’kidlandi.

Xususan, tahlillarga ko‘ra, 2023 yilda kiberjinoyatlar umumiy jinoyatchilikning 6,2 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 44,4 foizga yetgan. Ya’ni, deyarli har ikkita jinoyatdan biri axborot texnologiyalari vositasida sodir etilgan.

Tadbirda shuningdek, kiberjinoyatlarning ko‘plab holatlari fuqarolarning shaxsiy va bank ma’lumotlariga nisbatan e’tiborsizligi natijasida yuz berayotgani ta’kidlandi. Shu sababli Kiberxavfsizlik markazi tomonidan aholi o‘rtasida doimiy ravishda tushuntirish va ogohlantirish ishlari olib borilmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 1–30 noyabr kunlari mamlakat miqyosida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Mazkur oylik doirasida aholining raqamli savodxonligini oshirish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish hamda internet firibgarliklaridan ogoh etish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar tashkil etiladi.

Bugungi kunda kiberxavfsizlik — bu nafaqat texnik, balki ijtimoiy masala hamdir. Shu bois har bir fuqaro o‘z shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, noma’lum havolalarni ochmaslik va ishonchsiz manbalarga bank kartasi ma’lumotlarini kiritmaslik orqali nafaqat o‘zini, balki jamiyatni ham muhofaza qilishi lozim.

M. Eshmirzayeva, D. Yakubov, O‘zA