Mamlakat rivojini belgilovchi omillar bisyor.
Ular ichida qurilish sohasi alohida o‘ringa ega.
Bugun yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, zamonaviy ko‘p qavatli uylar, ko‘priklar, yo‘llar, umuman olganda, ijtimoiy soha ob’ektlarining barpo etilayotganiga guvoh bo‘lasiz. Bu bunyodkorlik ishlari shahar va qishloqlarning qiyofasini o‘zgartirmoqda. Balki odamlarning hayotiga mazmun-mohiyat olib kirmoqda. Ularning dunyoqarashi o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda.
Aytish kerakki, tinch-osuda davlatlargina qurilish bunyodkorlik ishlariga e’tibor qaratadi. Yurtimiz ana shunday davlatlar qatorida ekanligi va ushbu ezgu bunyodkorlik ishlari boshida shaxsan Davlatimiz rahbari turgani jarayonlarning shiddati oshishiga xizmat qiladi.
Prezidentimizning 2017 yil 7 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida»gi farmoniga asosan avgust oyining ikkinchi yakshanbasi «Qurilish sohasi xodimlari kuni» deb e’lon qilingan.
Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan kuni kecha tantanali marosim tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini Prezident Administratsiyaning rahbar o‘rinbosari, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
– Davlatimiz rahbarining tabrigi soha egalariga katta kuch bag‘ishladi, – deydi Qurilish vaziri birinchi o‘rinbosari Davron Adilov. – Prezidentimiz tabrigida ta’kidlanganidek, so‘ngi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ishlari shiddat bilan olib borilmoqda. Qurilish mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi sohalaridan biri hisoblanadi. Yurtimizda bu sohaga keng imkoniyatlar berilgani natijasida bunyodkorlik sur’ati oshdi. So‘nggi besh yilda 250 ming xonadonli 8 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar, 21 mingta servis va 10 mingdan ziyod ijtimoiy ob’ektlar, 31 mingta korxona tashkil etildi.
Shu davrda qurilish ishlari hajmi 4 baravarga oshib, 2021 yilda 107 trillion so‘mni, bu yil besh oyda 46 trillion so‘mni tashkil etdi. Ammo shunga qaramay, uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj hamon yuqori. Yana minglab uy-joylar qurishni hayotning o‘zi talab qilmoqda.
Mamlakatimizda aholining ehtiyojini qondirish uchun har yili kamida 100-150 mingta uy-joy qurish talab etilar ekan. O‘tgan 4 yilda davlat dasturlari asosida 140 ming yoki yiliga o‘rtacha 35 mingdan uy-joylar barpo etilgan. Bu ko‘rsatkich, oldinlari yiliga qurilgan o‘rtacha uy-joydan 4-5 baravar ko‘p degani. Ammo bu yetarli emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 300 mingta nikoh qayd etiladi. Kelgusi besh yilda aholi soni 38 millionga yetishi kutilmoqda. Shularni inobatga olgan holda uylarning ko‘lamini kengaytirish diqqatga sazovordir. Aholini uy-joy bilan ta’minlashda bu yil juda katta marra olingan. Har bir hududda qurilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massivlari ham bunda muhim o‘rin tutadi.
Kelgusi besh yilda «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 250 mingdan ziyod oila uy bilan ta’minlanadi. Bular hammasi emas. «Obod qishloq va obod mahalla» dasturi hayotga izchil tatbiq etilishi tufayli yuz berayotgan o‘zgarishlar o‘zgacha. Birgina «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha 413ta ahvoli og‘ir mahallalarning bosh rejasi ishlab chiqilyapti.
Davlatimiz rahbarining tabrigida bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha islohotlarimiz markaziga inson qadri, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlash bosh maqsad qilib qo‘yilayotgani yaxshi ma’lum, albatta. Ana shunday ulug‘vor vazifani amalga oshirishda boshqa sohalar qatori qurilish sohasi, uning ulkan imkoniyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida aholi punktlarini qurishga kompleks yondashuv, uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim, tibbiyot va madaniyat muassasalari, istirohat bog‘lari va xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari va sport maskanlari bunyod etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buning amaliy tasdig‘i sifatida 2022 yilgi Investitsiya dasturi bo‘yicha 1 ming 868 ta ijtimoiy ob’ektda keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotganini ta’kidlash o‘rinlidir. Bu haqda so‘z yuritganda, loyihalari joylardagi aholimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan «Yangi O‘zbekiston» massivlari haqida alohida to‘xtalish lozim, deb o‘ylayman. Ushbu nomdagi jami 29 ta massivda 21 ming 312 xonadonga mo‘ljallangan 619 ta zamonaviy uy-joy, shuningdek, o‘nlab yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari barpo etilayotganini misol qilib keltirish mumkin.
So‘ngi yillarda qurilish sohasini isloh qilish borasida 22 ta Prezident hujjati, 21 ta hukumat qarorlari qabul qilingani e’tiborga loyiq.
bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha islohotlar doirasida inson qadri uning hayotiy manfaatlarini ta’minlash bosh maqsad qilib qo‘yilgan. Bu kabi ulug‘vor vazifani bajarishda boshqa sohalar qatorida qurilish soha xodimlari ham muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimiz, xalqimiz farovonligini ta’minlashda mohir quruvchi va me’morlar, mexanik va murakkab texnikalarni boshqarayotgan insonlar, loyihachi va dizaynerlar, qurilish sanoati vakillari va pudratchilarning mehnati hamisha muhim o‘rin tutib kelgan.
Shuningdek, Prezidentimiz o‘z tabrigida ta’kidlaganidek, olib borilayotgan islohotlar natijasida aholi punktlariga kompleks yondashuv, uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga ijtimoiy ob’ektlari, ta’lim, madaniyat markazlari istirohat bog‘lari, bolalar maydonchasi, sport maskanlarini bunyod etishga alohida qaratilmoqda. Buning amaliy tasdig‘i sifatida 2022 yilda investitsiya dasturi bo‘yicha 1 ming 868 ta ijtimoiy ob’ekt qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotgani o‘rinlidir.
bugungi kunda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Buning yaqqol isboti sifatida bunyod etilayotgan uy-joylar uchun qurilish materiallarining 100 foizi o‘zimizda ishlab chiqarilayotganini aytish mumkin. Bu esa yangi turar joylarning sifatli va mustahkam, tannarxi arzon bo‘lishini ta’minlaydi. Qolaversa, qurilish industriyasida 100 turdan ortiq mahsulotlar yo‘lga qo‘yilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda bugun qurilish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA