French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda kartoshkani zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishga bag‘ishlangan treninglar o‘tkazildi
21:53 / 2023-02-16

Eng muhim strategik ekin – kartoshka qishloq xo‘jaligi rivojida katta rol o‘ynaydi, ammo kartoshka ekinlari butun hosilga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan bir qator zararkunanda, kasalliklarga chalinish va begona o‘tlar bosishiga moyil. Shu bois kartoshkani himoya qilishning kompleks tizimini o‘z vaqtida qo‘llash muhim.

Ushbu muhim masala BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari uchun tashkil etilgan treninglar mavzusiga aylandi.  

FAO va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yilda boshlangan «COVID-19ga javoban kartoshkachilik sektorini tiklash va rivojlantirish» loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda kartoshkani zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishning asosiy jihati ko‘rib chiqildi.  

Treninglar davomida kartoshka urug‘chiligini takomillashtirish usullari, kartoshka yetishtirish texnologiyasining xususiyatlari xususida so‘z yuritildi, sug‘orish tizimi va o‘g‘itlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Mutaxassislar kolorado qo‘ng‘izi, kartoshka kuyasi, oq pashsha kabi zararkunandalarga qarshi kurashishning eng samarali usullari, shuningdek, begona o‘tlarga qarshi kurashish va o‘simliklarning eng zararli kasalliklari – rizoktonioz va fuzariozning oldini olish haqida gapirdilar.  

– Loyiha doirasida kartoshka navlarini ro‘yxatga olish va urug‘larni sertifikatsiyalash tizimini takomillashtirish, kartoshka yetishtirishni modernizatsiya qilish, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, mahsulotlarni saqlash sharoitini yaxshilash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Ushbu sohada faoliyat yurituvchi fermerlar, agronomlar hamda boshqa mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilyapti.  

O‘quv mashg‘ulotlari yakunlangach, barcha ishtirokchilar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi xususiy korxonaga tashrif buyurib, ishlab chiqarish faoliyati, kartoshkani saralash va qayta ishlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi.  

B.Xudoyberdiyev, O‘zA