Kartoshka dunyoda eng ko‘p iste’mol qilinadigan va eng muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan biri hisoblanadi. U nafaqat kundalik ovqatlanish ratsionimizning ajralmas qismi, balki qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligida ham katta ahamiyatga ega. Hozirgi kunda kartoshka turli xil taomlarni tayyorlashda keng qo‘llanilib, millionlab insonlarning asosiy energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Mamlakatimizda aholining kartoshkaga bo‘lgan talabini qondirish, ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash hamda mahsulot yetishtiruvchilarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli islohotlar yo‘lga qo‘yilgan.
O‘tgan 2025-yil hosili uchun respublika bo‘yicha jami 237 ming gektar maydonga kartoshka ekilgan, shundan 97 ming gektari fermer xo‘jaliklari, 140 ming gektari esa dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Respublikadagi barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 4 160 185 tonna kartoshka hosili yig‘ib olingan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 0,2 foizga o‘sgan.
Soha vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2027-yilda fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 2,5 ming tonna, 2028-yilda 27 ming tonna, 2029-yilda 147 ming tonna va 2030-yilda 747 ming tonna yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yil hosili uchun kartoshka ekiladigan maydonlar 284 ming gektarga yetkaziladi. Ushbu maydonlarda 4,5 million tonna hosil yetishtirish maqsad qilingan.
2025-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 113 008, Andijon viloyatida 530 666, Buxoro viloyatida 305 960, Jizzax viloyatida 126 577, Qashqadaryo viloyatida 230 125, Navoiy viloyatida 131 051, Namangan viloyatida 420 348, Samarqand viloyatida 773 598, Surxondaryo viloyatida 394 525, Sirdaryo viloyatida 74 871, Toshkent viloyatida 415 368, Farg‘ona viloyatida 480 007, Xorazm viloyatida 163 175, Toshkent shahrida 906 tonna kartoshka yetishtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA