Sog‘lom raqobat – iqtisodiy taraqqiyot va bozor iqtisodiyotining asosiy shartlaridan biri. Monopoliya va kartellar esa bu jarayonga to‘siq bo‘lib, bozorda adolatli sharoitlarni izdan chiqaradi. Shu bois, ko‘plab davlatlar kartellarga qarshi samarali mexanizmlar joriy etgan. Bu bo‘yicha O‘zbekistonda ham qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Kartel nima?
Kartel — bu bozorda raqobatni cheklashga qaratilgan yashirin kelishuv. Masalan, ayrim kompaniyalar bir-biri bilan til biriktirib, tovar narxini bir xil belgilashlari, bozorni bo‘lib olishlari yoki ma’lum miqdorda ishlab chiqarishga kelishib olishlari mumkin. Bu esa oddiy iste’molchi uchun sifatsiz tovar, sun’iy ravishda oshirilgan narx va raqobat muhitining yo‘qolishiga olib keladi. Shu sabab kartel dunyo mamlakatlarida eng og‘ir iqtisodiy huquqbuzarliklardan biri sifatida baholanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida “Kartellarga qarshi kurashishda javobgarlikni yumshatish dasturlarini qo‘llash amaliyoti (Leniency Programme)” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminar Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Tadbirda xalqaro ekspert Liya Grauberger “Leniency” dasturining asosiy elementlari hamda xalqaro amaliyotdan olingan keyslar asosida taqdimot qildi.

Uchrashuvda AQSH, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlarda muvaffaqiyatli joriy etilgan “Leniency” dasturlari tajribalari tahlil qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar kichik amaliy keys-stadi ustida guruhlarda ish olib borishdi va natijalarni taqdim qilishdi. Ochiq muloqot jarayonida dasturning O‘zbekiston sharoitiga mos yechimlari hamda mavjud muammolar muhokama etildi.
Seminar ishtirokchilari mazkur dasturni O‘zbekiston sharoitiga joriy etish mamlakatimizda raqobat muhitini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari uchun adolatli bozor, iste’molchilar uchun esa sifatli va maqbul narxlardagi tovar hamda xizmatlarni kafolatlaydi.
Nigora Rahmonova, O‘zA