Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha Xitoy tajribasining istiqbollari
14:40 / 2024-01-23

2023 yil 15 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashda yangi bosqichga o‘tish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Xitoy tajribasini o‘rganish masalasiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlab o‘tgan edi.

O‘tgan davr mobaynida shu maqsadda Xitoydan tajribali ekspertlar mamlakatimizga taklif etildi, mutasaddi idoralarning vakillari Xitoyga borib, masala qay tartibda amalga oshirilganligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib kelishdi.  

Yillar davomida olib borilgan islohotlar natijasida Xitoy 800 mln.dan ziyod odamni kambag‘allikdan chiqardi, kambag‘allik darajasi esa 94,4 foiz punktga kamaydi. Bu esa BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Xitoy so‘nggi yillarda kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha jahon rekordchisi bo‘lganini ma’lum qilishiga asos bo‘ldi.  

Nima uchun kambag‘allikni kamaytirishda Xitoy tajribasidan foydalanmoqchi ekanligimiz ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. E’tibor qarating: 1978 yilda Xitoy aholisining 97,5 foizi kambag‘al bo‘lgan. 2019 yilga kelib Xitoyda kambag‘allarning ulushi 0,4 foizga tushgan, 2021 yilda esa XXRda umuman kambag‘al qolmagan. Kambag‘allikni tugatishda Xitoy usulida 2 ta omil asosiy rolni o‘ynagan, ya’ni iqtisodiyotni jadal rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish hamda kambag‘allikka qarshi kurashning manzilli strategiyasini ishlab chiqish va uni izchillik bilan amalga oshirish. Kambag‘allarning asosiy qismi qishloqda istiqomat qilgani uchun dastlab agrar sohani jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Qishloq xo‘jaligida 1 foiz o‘sish u yerda kambag‘allikni 1,4 foizga qisqartira boshlagan.  

Kambag‘allikka qarshi kurash strategiyasi esa 4 ta bosqichni bosib o‘tgan. Strategiyaning 1-bosqichida mavjud 2100 ta okrug chuqur tahlil qilingan va ulardan 700 tasi eng kambag‘al okruglar ekanligi aniqlangan. Aynan ana shu kambag‘al okruglarga alohida e’tibor qaratilgan. Keyingi 2 ta bosqichda umummilliy yondashuvlardan hududiy va mahalliy (okrug va qishloq) strategiyalariga o‘tilgan. 4-bosqichda esa bevosita kambag‘al uy xo‘jaliklari bilan maxsus shug‘ullanilgan.  

Turli bosqichlarda kambag‘allikni kamaytirishning turli vositalari ishlatilgan. Jumladan, ilk bosqichlarda subsidiyali kredit, “oziq-ovqatni ishga almashtirish” sxemasi va tadbirkorlik uchun subsidiyalar berish usullaridan keng foydalanilgan. Keyinroq esa aholisining katta qismi kambag‘al bo‘lgan qishloqlarga ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmalar barpo etishga ko‘mak berilgan. Xitoyda kambag‘allikka qarshi kurash umumxalq harakatiga aylantirilgan. Bu jarayonda davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda xususiy sektor va jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etgan.  

Davlatimiz rahbari ta’kidladiki, Xitoyning ana shunday ilg‘or tajribasi asosida kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha 18 ta yo‘nalishda manzilli loyihalar tayyorlandi. Ular yordamida kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha umumxalq harakatining yangi bosqichida Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bunda kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.  

Mutasaddilarga xitoylik ekspertlar bilan birga tanlab olingan 14 ta tumanni kambag‘allikdan chiqarish uchun kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Har bitta tumanda yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari baland bo‘lgan 10-15 ta tadbirkor ajratib olinadi va ularga tumanda kamida 1000 ta ish o‘rni yaratishi uchun ko‘mak beriladi. Jumladan, mutaxassislarni tayyorlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratishlari uchun mablag‘ ajratiladi, infratuzilma, kredit, soliq va boshqa masalalarda preferensiyalar taqdim etiladi.  

Kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha Xitoy markazlari bilan hamkorlikda hokim yordamchilarini o‘qitish, yaxshi natijaga erishgan kamida 200 nafar salohiyatli hokim yordamchilarini Xitoyga amaliyot o‘tashga yuborish vazifasi ham qo‘yildi.  

O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi faol kurash 2020 yildan boshlangan. 2022 yildan esa kambag‘allikka qarshi kurash Xitoyda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham umummilliy tus oldi, bir butun “mahallabay” tizimi tashkil qilindi.  

Bundan tashqari, ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Har bir aholi punkti va mahallada kambag‘allikka qarshi kurash, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha tuman hokimining yordamchisi lavozimi joriy etildi. Shuningdek, ularning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi, tegishli agentlik va uning joylardagi bo‘limlari tashkil etildi. Ushbu sohalar uchun mas’ul bo‘lgan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tuzildi.  

O‘tgan yil boshida mamlakatimizning barcha hududlari 5 toifaga bo‘linib, ularga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dinamikasidan kelib chiqqan holda tabaqalashtirilgan imtiyozlar berildi. Yaqinda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat kambag‘allikni kamaytirish majburiyatini oldi.  

Amalga oshirilayotgan siyosat natijasida ijtimoiy yordam olayotgan kam ta’minlangan oilalar soni 2017 yildagi 500 mingdan 2,3 mln.ga, ajratilgan mablag‘lar hajmi esa 7 baravarga oshdi. Ushbu chora-tadbirlar tufayli birgina 2022 yilda 1 mln. kishi kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi esa bir yil ichida 17 foizdan 14 foizga kamaydi.  

Ko‘rib turganimizdek, O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashda Xitoy tajribasining samarali elementlaridan foydalanish yaxshi natija bermoqda. Xitoylik hamkasblar bilan ushbu sohadagi keyingi hamkorlikni rivojlantirish, shubhasiz, kambag‘allikni qisqartirish sohasida olib borilayotgan siyosatni sezilarli darajada takomillashtirish va aholi turmush darajasini oshirish va nihoyat kambag‘allikni bartaraf etishda belgilangan maqsadlarga erishishda samarali vositaga aylanadi.  

Latofat Bo‘riyeva,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi