Joriy yilning 20 dekabr kuni davlatimiz rahbarining IT sohasini rivojlantirish va davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davomida 2024 yildan boshlab hududlarda IT xizmatlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi qayd etildi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning “EAST GAMES” MCHJ direktori Anatoliy Soy bilan uchrashuvi davomida videoselektorda belgilab berilgan ustuvor vazifalar hamda kelgusida IT korxonalar uchun taqdim etiladigan imtiyozlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, xorijiy korxonalarni O‘zbekistonga jalb qilish, yoshlarning malakasini oshirish, IT xizmatlar eksportini yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va mulohazalar tinglandi.
Shuningdek, Prezident videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, 50 dan ortiq IT mutaxassisini ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatini 15 foizgacha qismi qoplab berilishi, eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinishi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda o‘yinlar yaratish va o‘yin sanoatini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
N.Rahmonova, O‘zA