Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma’lum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, joriy yilning III choragi yakunlariga ko‘ra, mamlakatimizda ishsizlik darajasi 4,9 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 0,8 punktga kamaygan.
Mehnat bozoridagi o‘sish, ayniqsa, rasmiy sektorda yaqqol kuzatilmoqda. Hisobot davrida band aholi soni 14,81 million nafarga yetib, 579,6 ming nafarga ko‘paydi.

Asosiy ko‘rsatkichlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, jami aholi – 37,8 million nafarni tashkil etmoqda. Mehnat resurslarida 20,35 million nafar fuqaro mehnat qilmoqda.
Iqtisodiy faol aholi – 15,57 million, band aholi– 14,81 million nafarni tashkil etyapti.
Bandlik sektori bo‘yicha, rasmiy sektor — 8,58 million, norasmiy sektor — 4,38 million, chet elda mehnat qilayotganlar — 1,86 million, ishga joylashtirishga talabgorlar — 760 ming nafarni tashkil qilmoqda.
Joriy yilda 4,45 million nafar aholi daromadli mehnat bilan ta’minlandi. Shundan, qishloq xo‘jaligi — 1,29 million, xizmat ko‘rsatish sohasi — 2,74 million, qurilish sohasi — 172,3 ming, investitsiya loyihalari orqali — 256,2 ming nafarni tashkil etmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ishsizlik darajasining pasayishi amalga oshirilayotgan samarali bandlik siyosati, yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda aholini tadbirkorlikka jalb etish choralari bilan bog‘liq. Bu o‘z navbatida, aholining daromadli mehnat qilish va turmush sifatini oshirish imkoniyatlarini kengaytirayapti.
Sh.Mamaturopova, O‘zA