Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi har oyda ishbilarmonlik muhiti, xizmatlar va tadbirkorlik faolligini o‘rganish natijalari bo‘yicha bir qator axborot-tahliliy materiallarni nashr etadi.
So‘rovlar va hududlar faoliyatini monitoring qilish asosida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar holatini qisqa muddatli sifatli baholash amalga oshiriladi. 2023 yildan boshlab O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vaqti-vaqti bilan Trading Economics axborot portalida e’lon qilinadi.
Markaz tomonidan oktyabr oyida korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan keng ko‘lamli so‘rovlar asosida hisoblangan ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichlarga nisbatan o‘sishni ko‘rsatdi. Avgust oyida yig‘ma indikator ko‘rsatkichi birdaniga 10 punktga pasaygan bo‘lsa, sentyabr oyida esa pasayish sur’ati kamaygan, oktyabr oyida bosqichma-bosqich pasayish tendensiyasi to‘xtadi.

Bir oy davomida ishbilarmonlik muhitining umumiy yig‘ma ko‘rsatkichi 4 punktga oshdi va 57 punktni tashkil etdi. Bu ishbilarmonlik muhitining holatini ijobiy deb baholaydi. Yig‘ma ko‘rsatkichning o‘sishiga qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichlari dinamikasining 14 punktga o‘sishi, qurilish sohasida 7 punktga va xizmat ko‘rsatish sohasida 3 punktga o‘sishi sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Shu bilan birga sanoat sohasidagi ishbilarmonlik muhitining ko‘rsatkichi sentyabr oyida 13 punktga oshganidan keyin sezilarli darajada 7 punktga pasaydi.
Bir oyda biznes joriy holati baholariga 3 punkt qo‘shilib, 49 punktgacha oshdi. Bu esa qishloq xo‘jaligidagi sharoitlarning birdaniga 26 punktdan 51 punktgacha sezilarli darajada yaxshilangani bilan izohlanadi.
O‘z biznesining hozirgi holatini “yaxshi” deb qayd etgan respondentlarning ulushi 47 foizni, “yomon” deb qayd etganlarning ulushi 9 foizni tashkil etdi. Korxonalarning 22 foizi xodimlari sonini ko‘paytirdi, 49 foizi esa o‘z tovarlari, xizmatlariga talabning o‘sishini qayd etdi.
Biznesni rivojlantirishning ijobiy xarakteriga va narx kutilmalarining biroz pasayishiga qaramasdan, respondentlarning to‘rtdan bir qismi narxlarning oshishini kutmoqda.
Kelgusi 3 oyda rivojlanish istiqbollari bo‘yicha biznes kutilmalarini baholash 4 punktga ko‘tarilib, 65 punktga yetdi. Bu asosan qurilish sohasidagi tadbirkorlarning ijobiy baholari bilan bog‘liq bo‘lib, bunda oy davomida optimizm 25 punktga oshib, 59 punktga yetdi va xizmat ko‘rsatish sohasida kutilmalarning o‘sishi 10 punktga oshib, 66 punktga yetdi.
Shuningdek, kelgusi 3 oy ichida o‘z tovarlari, xizmatlari narxlarining oshishi bo‘yicha biznes taxminlari 1 foizga kamaygani aniqlandi.
Talab va bandlik bo‘yicha taxminlarni baholashdagi muvozanat biroz pasayishni ko‘rsatdi.
Keyingi 3 oy ichida biznesning umumiy holati yaxshilanishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi yuqori darajada qolmoqda va 67 foizni tashkil qiladi. 49 foizi tovarlar va xizmatlarga talabning yanada oshishini kutmoqda va 22 foizi xodimlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda.
Umuman olganda, joriy holat ko‘rsatkichlari va kutilayotgan taxminlar o‘rtasidagi bog‘liqlik iqtisodiy rivojlanishning ijobiy tendensiyasi keyingi 3 oyda ham davom etishini anglatadi.
Biznes sharoitlari baholash omillari – moliyalashtirish, yer uchastkalari, elektr ta’minoti, soliq yuki salbiy bo‘lib qoldi.
Oktyabr oyida to‘siqlarga duch kelgan tadbirkorlarning ulushi 4 foiz punktga kamaydi va 44 foizni tashkil etdi. Tadbirkorlar eng dolzarb muammolar sifatida moliyalashtirish va yer olishdagi qiyinchiliklar, soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolar, elektr ta’minoti va soliq stavkalarining yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
Sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida 8 foizga, qurilish sohasida esa 15 foizga moliyalashtirish bilan bog‘liq to‘siqlar kamaygan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi vakillaridan kelib tushgan murojaatlar soni, aksincha, 4 foizga oshgan.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA